Michigan bosh prokurori Flint shahrida suv ifloslanishi uchun mas'ul deya ko'rilayotgan uch rasmiyga qarshi jinoiy ish qo'zg'adi. Suv yaroqsiz ahvolga kelishi oqibatida qariyb 100 ming fuqaroning hayoti xavf ostiga qo'yildi.
Ekologiya vazirligining ikki xodimi hukumatga bu muammo haqida batafsil ma'lumot bera olmaganlikda ayblanmoqda. Flint shahar rasmiysi esa suv tarkibiga doir test natijalarini o'zgartirgan. Shahar ahli adolat talab qilayapti.
Bir yarim yil oldin Flint shahrini suv bilan ta'minlaydigan manba o'zgardi va odamlarga ifloslangan suv uzatila boshladi. Natijada ayrim fuqarolar qon tarkibida zaharli simob darajasi keskin oshgani aniqlandi. Bu modda, ayniqsa, bolalar salomatligi rivojiga ziyon qiladi. Jamoatchilik xabar topdi-yu mamlakat bo'ylab katta janjal boshlandi.
"Flint shahrida halokatli xatolarga yo'l qo'ydi", - deydi Michigan bosh prokurori Bill Shutt.
O'tgan yili Flintda favqulodda holat e'lon qilindi. Shundan beri odamlar butilkalarga solingan suvdan foydalanadi. Bosh prokuror shu oy jinoiy ish qo'zg'atilganini e'lon qildi. Ko'proq odamlar javobgarlikka tortilishi mumkin.
"Flint shahridagi oilalar, fuqarolar salomatligi uchun mas'ul edi bu odamlar. Ishini eplolmadi", - deydi u.
Janjal boshidan buyon Michigan gubernatori Rik Snayder ishdan ketsin, degan talablar yangramoqda. Fuqarolar shunday talab bilan butun mamlakat bo'ylab 790 ming odamning imzosini to'plashga kirishdi.
Gubernator javobgar emasman, deydi. Rasmiylar esa izchil tergov o'tkazishga va'da bermoqda. Aybdorlar topiladi, deydi ular.
"Kim bo'lishi, lavozimidan qat'i nazar, katta idoraning odami bo'lishidan qat'i nazar, aybdorlarni topamiz. Michiganda adolat qaror topadi", - deydi Bill Shutt.
Flint shahridagi suv mojarosi boshqa shaharlarni ham hushyor tortishga majbur qildi. Hamma joyda ham suv tozalik talablariga javob bermaydi.