Breaking News

AQSh: Oziq-ovqat sifatini ta'minlash uchun yangi choralar


Endilikda go’sht va boshqa chorvachilik mahsulotlari savdo rastalariga yetkazilishidan oldin yana bir maxsus tekshiruvdan o'tadi.
Endilikda go’sht va boshqa chorvachilik mahsulotlari savdo rastalariga yetkazilishidan oldin yana bir maxsus tekshiruvdan o'tadi.

AQShda shu oyning boshida kuchga kirgan qonunga ko’ra, go’sht va boshqa iste’mol mahsulotlari savdo rastalariga chiqarilishidan avval yana bir maxsus tekshiruvdan o’tishi shart. Tekshiruv E-Coli va salmonella kabi viruslarning bor- yo’qligini aniqlaydi. Hukumatning bu qarori mamlakatda zaharlanish darajasini kamaytirishni ko’zda tutgan.

AQSh Kasalliklarning oldini olish va nazorat qilish markazi hisobicha, har yili besh mingdan ziyod odam buzilgan oziq-ovqat iste’mol qilib hayotdan ko’z yumadi. O’tgan yillarda E-coli va Salmonella kabi viruslar mol go’shti, pomidor, tuxum va ismaloqda topilib, ular bir necha bor savdodan chiqarildi.

Robert Braket bu masala bo’yicha yetakchi mutaxassislardan biri.

“Oziq-ovqat zaharlanishi haqidagi xabarlar odamlarni ziyrak qilib qo’ydi. Ular hukumatdan yechim kutayapti”-, deydi u.

AQSh Qishloq xo’jaligi vazirligi har bir yegulik sifatini yuqori darajada kafolatlash uchun ishlab chiqaruvchilarga yangi shartlar qo’ymoqda.

Endilikda go’sht va boshqa chorvachilik mahsulotlari savdo rastalariga yetkazilishidan oldin 24 soatdan 48 soatgacha ushlab turilib, mutaxassislar uni sinchiklab ko’rib chiqadi. Bu chora ikki yil avval qo’llanganida edi, deydi ekspertlar, katta miqdordagi zararlangan mahsulotlarning savdo rastalariga yetib borishining oldi olingan bo’lardi.

“Zaharlangan mahsulotni savdodan qaytargandan ko’ra, uning do’konga yetib bormasligini ta’minlash kerak”,- deydi Pet Bak.

U shu sohada izlanib keladi va bu muammoga qarshi kurashuvchi tashkilot rahbari. Uning nabirasi Kevin 2006 yilda E-Coli bakteriyasi yuqqan ovqat yeb vafot etgan.

"Gap oddiy bir qorin og’riq haqida ketayotgani yo’q. Inson hayoti qil ustida, uzoq davom ettadigan jiddiy kasalliklar ham keltirib chiqarishi mumkin. Markazimizni ana shu kasalliklarni o’rganish maqsadida ochganmiz”,- deydi Pet Bak.

Shu yilning yanvar oyida Prezident Barak Obama oziq-ovqat xavfsizligini takomillashtirish to’g’risidagi qarorga imzo chekdi. Shundan beri nazorat yanada kuchaygan. Qaror ishlab chiqaruvchi, ta’minotchi va sotuvchiga yangi talablar qo’yadi. Bizneslar bu bosim deya qanchalik nolimasin, o’zi bilmay buzuq ovqat sotib ulkan zarar ko’rishi mumkinligini ham tushunadi.

“Ushbu choralar samara berishiga ishonaman”, - deydi Pat Bak.

“Albatta bu bir kunda barcha oziq-ovqatlarimiz xavfsiz bo’lib qoladi degani emas, lekin qancha qancha odamlarning hayotini asrab qolishi tayin. Hali qilinadigan ishlar bir dunyo. Yangi qonunni tadbiq qilish, ijrosini nazorat qilish kerak”,- deydi u.

Maqsad oziq-ovqat sifatini kafolatlash ekan, Pet Bak singari jamoatchi faollar va olimlar hukumatga maslahat berishda davom etmoqda. Iste’molchi huquqi va xavfsizligi ustuvor masala, deydi ular.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG