Breaking News

"Fokskon" Viskonsinga farovonlik keltiradimi yoki yuk bo'ladimi?


Prezident Tramp "Fokskon" rahbari Terri Gu bilan Amerikada zavod qurish haqida gaplashgan, Vashington, 26-iyul, 2017-yil
Prezident Tramp "Fokskon" rahbari Terri Gu bilan Amerikada zavod qurish haqida gaplashgan, Vashington, 26-iyul, 2017-yil

Viskonsin shtatida elektronika zavodini ochmoqchi bo’lgan Tayvan kompaniyasi Amerikaning bu shtatida o’n minglab ish o’rinlari yaratishi mumkin, biroq tanqidchilar nazarida, hukumat “Fokskon” (Foxconn) shirkatiga katta soliq imtiyozlari va’da qilib, shtat soliq to’lovchilari foydasi haqida o’ylamayapti. 10 milliard dollarlik kelishuv Viskonsinda jiddiy munozaraga sabab bo’ldi.

Gonsalo Peres o’tgan yil dekabrida Sturtevant shahrida restoran sotib olganida makkajo’xori va soya loviyasini yetishtirib kun ko’radigan fermerlar u yerga tez-tez qatnaydigan bo’ldi. Yangi zavod ishga tushsa, Peresning ishi yanada yurishadi.

“Lotereyadan yutuq chiqyapti shekilli menga”, - deydi u.

Tayvanning “Fokskon” kompaniyasi Viskonsinning Maunt Plezent shahrida katta televizion ekran ishlab chiqaruvchi zavod ochib, minglab odamlarni ishga olmoqchi.

Inshoot Peresning restoranidan bir necha kilometr narida quriladi, demak, kelajakda mijozlarning keti uzilmaydi.

“Avval quruvchilar, so’ng ishchilar restoranga kelib turadi”, - deydi u.

“Qurilishga 10 ming odamni jalb qilishmoqchi, yana 6000 odam boshqa ishlar bilan shug’ullanadi. Zavod ishga tushgandan so’ng 13 ming odam ishli bo’ladi, uning ketidan yana 20 ming odam tirikchilik qiladi”, - deydi Viskonsin Iqtisodiy taraqqiyot korporatsiyasi rahbari Mark Xogan.

Korporatsiya “Fokskon”ni shtatga olib kelishda yordam bergan.

“Shtatda bu firma uchun imtiyozlarni o’z ichiga olgan maxsus qonun qabul qilindi. Ekologiyani ham unutmaslikka harakat qildik”, - deydi Xogan.

Ushbu qonunga ko’ra, agar “Fokskon” 10 milliard dollarlik sarmoya keltirsa, salkam uch milliard dollarlik soliq imtiyoziga ega bo’ladi. Ba’zilar bundan norozi.

“AQSh tarixida xorijiy shirkat soliqdan bunchalik ko’p ozod etilmagan hali. Viskonsinda bunaqasi bo'lmagan", - deydi Viskonsin universiteti iqtisodchisi Stiven Deller.

Professor nazarida, agar bu kompaniya soliq to’lamasa, demak, shtat undan qarzdor bo’lib qolishi mumkin.

“Agar soliq to’lanmasa, agar shirkatga soliq imtiyozi berishsa, demak, shtat “Fokskon” uchun soliq to’layapti. Inshootda qancha odam ishlashini bilmaymiz hali. Hozircha 3000 ta deyishyapti, keyin 13 mingtaga chiqarmish”, - deydi Deller.

Biroq Meksikadan Amerikaga 30 yil oldin kelgan Gonsalo Peres bundan tashvishda emas. Har kuni restoraniga o’rtacha 200 ta odam kirib turadi, zavod ishga tushsa, mijozlar soni uch baravar ko’payishi mumkin, deydi u.

Loyiha kelasi yildan boshlanishi kutilmoqda. Eng boshida 1000 ta odamni ishga yollash rejalangan. Peres bu voqeani sabrsizlik bilan kutmoqda. Aytish joiz, “Fokskon” “Ayfon” smartfonlarini ishlab chiqaruvchi kompaniyalardan biri hisoblanadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG