Breaking News

Fransiyada saylov oldi tashviqot kampaniyasi boshlandi


Nomzodlar
Nomzodlar

Fransiyada prezident saylovlaridan oldin tashviqot kampaniyasi boshlandi. Saylovchilarning bir qismi loyiq nomzodlar yo’qligidan shikoyat qilmoqda.

"Bu galgi saylov bir oz murakkabdir, chunki kimga ovoz berishni bilmay o’tiribmiz. Yomon nomzodlar orasidan yaxshirog’ini tanlab olish kerak, ammo bunday nomzod kim?”, - deya so’raydi parijliklardan biri.

2017-yilda hokimiyatga kelgan Emmanuel Makron sentrist siyosat tarafdori bo’lib, ijtimoiy so’rovlarda oldinda ketmoqda. Saylov bugun o’tkazilsa, Makron 29 foiz ovoz olishi mumkin. Boshqa nomzodlardan ko’p, biroq birinchi bosqichda saylanishga imkon bermaydigan raqam.

Sobiq sarmoya bankiri qayta saylansa, soliqlarni kamaytirishga, mehnat bozorini isloh qilishga, immigratsiya masalasida qattiqroq siyosat yuritishga va’da bermoqda.

Makronning so’rovlarda ikkinchi o’rinda ketayotgan asosiy raqibi Marin Le Penga saylovchilarning 18 foizi ovoz bermoqchi.

Ultra millatchi “Milliy uyushma” partiyasi rahbari 2017-yil saylovida ikkinchi o’rin olgan edi. Odatda muhojirlarga qarshi keskin fikrlari bilan tanilgan siyosatchi mo’tadil saylovchi ovozini olish uchun so’nggi paytda immigratsiya masalasida pozitsiyasini yumshatgan.

Biroq bunday yondashuv natijasida Le Penning ayrim nomdor tarafdorlari boshqa nomzodlar lageriga o’tib ketdi. Jumladan uning sobiq deputat jiyani, 32 yashar Marion Mareshal. U hozir so’rovlarda 4-o’rinda ketayotgan nomzod Erik Zemmurni qo’llab-quvvatlamoqda. Zemmur muhojirlar va musulmonlarga qarshi keskin qarashlari bilan tanilgan.

So’lchi saylovchilarning umidi parlament deputati Jan-Lyuk Melanshondan. 2017-yil saylovida mag’lubiyatga uchragan siyosatchi bu gal 15 foiz ovoz olishi mumkin – ijtimoiy so’rovlarda 3-ko’rsatkich. Melanshon ijtimoiy adolat, ta’limni yaxshilash, nafaqaga chiqish yoshini tushirish kabi masalalarni targ’ib qilmoqda.

Fransiyada prezident saylovlarining birinchi bosqichi 10-aprel kuni o’tkaziladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG