Breaking News

Fransiya xorijliklarning musodara etilgan mulkini yurtiga qaytarmoqchi


Fransiyalik qonunchilar o’zlashtirilgan pul va mol-mulkni xorijiy mamlakatlarga qaytarishga qaratilgan qonun loyihasi ustida ishlamoqda, biroq korrupsiya holatlarini kuzatayotgan guruhlarning ogohlantirishicha, pul va mulk poraxo’r rahbarlar qo’liga tushmasligi kerak.

Xalqaro hayot – 11-mart, 2021-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:13 0:00

Ekvatorial Gvineyaning uzoq yillik prezidenti Teodoro Obiang Nguyemaning o’g’li Teodorin Obiang aholining katta qismi qashshoq yashayotgan bir paytda neftga boy davlatda hashamatli hayot kechirgan. Biroq AQSh va Shveysariya unga qarshi huquqiy chora ko’rib, millionlab dollar pulini muzlatib qo’ydi.

O’tgan yili Parij sudi Obiangni davlat xazinasidagi pulni hashamatli hayotini moliyalash uchun sovurayotganlikda ayblab, unga uch yillik shartli qamoq jazosi belgiladi, shahardagi saroyini musodara qildi.

Ekvatorial Gvineya hukumati sud qarori ustidan Fransiyadagi yuqori sudga shikoyat qildi. Agar ishni boy bersa, 100 million dollardan oshiq narxga belgilangan mulk Fransiya g’aznasiga o’tkaziladi.

Biroq Fransiya Milliy majlisida qabul qilingan qonun loyihasiga ko’ra, musodara qilingan mulk Ekvatorial Gvineyadagi qashshoq jamoalarga qaytarilishi mumkin.

“Fuqarolarimiz hamda Afrika, Osiyo va Lotin Amerikasidagi mamlakatlar fuqarolariga shuni aytishimiz muhimki, Fransiya va boshqa mamlakatlar diktatorlar yoki diktatorlar farzandlariga ularga tegishli bo’lmagan pulni qo’lga kiritishga imkon bermaydi. Fransiya bundaylarni sud qiladi, pullarini olib, taraqqiyot uchun sarflaydi”, - deydi fransiyalik qonunchi Erve Bervil.

Hujjat Senat tasdig’idan o’tgani yo’q hali. Korrupsiya holatlarini o’rganuvchi tashkilotlar chorani olqishlamoqda, biroq pul qaytib poraxo’r rahbarlar qo’liga tushmasin deya tashvish bildirmoqda.

“Qonun loyihasida “musodara qilingan mulk undan mahrum etilgan aholiga qaytarilishi kerak” deyilgan. Ammo hujjat matnida “hisobot berish”, “shaffoflik” kabi so’zlar qayd etilmagan”, - deydi “Sherpa” tashkilotidan Shane Mensu.

Parij sudi ushbu guruh hamda “Transparency International” tashkiloti da’vosidan so’ng Obiang ishini ko’rib chiqdi. Da’vogarlar Gabon va Kongo Respublikasi rahbarlari ustidan ham shikoyat qilgan.

“Bu oila mamlakatni 40 yil davomida hech qanday javobgarliksiz o’z mulkiday boshqardi. Fransiyada bu ishning oliy sudga oshirilgani juda muhimdir”, - deydi ekvatorial gvineyalik huquq himoyachisi Tutu Alikante.

Uning umid qilishicha, Obiang ustidan yakuniy hukm hamda yangi qonun qashshoq mamlakatlardagi poraxo’r rahbarlarga o’ziga yarasha ogohlantirish bo’lib xizmat qiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG