Breaking News

Fransiyada terrorizm qurbonlari muzeyi quriladi


Jihodchilarga xayrixoh musulmon qo'lidan o'lgan o'qituvchi Samuel Patining jasadi tobutda ko'tarib ketilmoqda, 21-oktabr, 2020-yil
Jihodchilarga xayrixoh musulmon qo'lidan o'lgan o'qituvchi Samuel Patining jasadi tobutda ko'tarib ketilmoqda, 21-oktabr, 2020-yil

Fransiya so’nggi yillarda ko’plab terror xurujlariga guvoh bo’ldi. Bir necha kun oldin poytaxt Parijda politsiya xizmatchisi o’ldirildi. Hukumat terrorizm qurbonlarini xotirlovchi muzey qurmoqchi. Prezident Emmanuel Makronning ma’lum qilishicha, 2027-yilda ochilishi rejalanayotgan xotira muzeyi uchun Parijda joy qidirilmoqda.

Xalqaro hayot – 29-aprel, 2021-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:11:33 0:00

“Muzeyni qurishdan oldin mutaxassislar fikrini blmoqchimiz”, - deydi loyiha rahbari Anri Russo.

Uning guruhi terrorga bag’ishlangan boshqa loyihalarni o’rganishga kirishgan. Masalan, Nyu-Yorkda 11-sentabr qurbonlariga atab qurilgan xotira muzeyini. Parijdagi muzey ham Nyu-Yorkdagiga o’xshab yodgorlik va muzeydan iborat bo’ladi.

Fransiya loyihasi uchun ko’p vaqt ajratilmoqda, chunki tashkilotchilar terrorizm tarixini kengroq qamrab olmoqchi - 1974-yilda Parijdagi bir dorixonada ikki odamning o’limi va 34 kishining jarohat olishiga sabab bo’lgan portlashdan to bugungacha. O’zini inqilobchi deb atagan va “Shoqol Karlos” nomi bilan tanilgan venesuelalik Ilich Ramires Sanches o’sha va boshqa jinoyatlari uchun haligacha qamoqda o’tiribdi.

Muzeyda 1983-yilda Parij restoranidagi hujum haqida ham ma’lumot topsa bo’ladi. O’shanda umr yo’ldoshi bilan turmushining 10 yilligini nishonlash uchun restoranga borgan Fransua Rudetski og’ir jarohat olgan edi.

Rudetskilar Fransiyaning terrorizm qurbonlariga bag’ishlangan ilk uyushmasi va ilk yodgorligiga asos solgan.

“Har bir qurbon ortida bir insonning hayoti bor. Terrorizm bu bir mavhum narsa emas. Biz har bir qurbon hayotini hikoya qilish orqali muzeyga insoniylik bag’ishlaymiz. Odamlar nafaqat qurbonlar dardini, balki matonatini ham bilsin”, - deydi Fransua Rudetski.

Sentabr oyida bo’ladigan sud jarayoni mamlakatga yaqin o’tmishdagi eng qonli xurujlaridan birini eslatadi. 2015-yil noyabrida jihodchilarning Parijdagi “Bataklan” konsert zali va shahar tevaragidagi boshqa rayonlarga hujumlari natijasida 130 odam nobud bo’lgan, 350 kishi jarohat olgan. Kuzda bu ish bo’yicha 20 odam ustidan sud bo’lib o’tadi.

Filip Dyuperoning o’g’li Tomas “Bataklan”ga hujumda halok bo’lgan. U muzey g’oyasini qo’llab-quvvatlaydi, biroq terrorchilarning abadiylashtirilishiga qarshi.

“Aksariyat uyushmalar hujumlarga qo’l urgan odamlarning muzeyda nomlari tilga olinishini istamaydi”, - deydi 2015-yilgi terror qurbonlariga bag’ishlangan uyushmada ishlovchi Dyupero.

“Men tarixchiman. Biz qurmoqchi bo’lgan muzey tarix muzeyi bo’ladi. Terrorchilarni tilga olmaslikning iloji yo’q. Albatta bu ishni ularni qahramonlarga aylantirmasdan qilishning ko’plab yo’llari bor”, - deydi loyiha rahbari Anri Russo.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG