Breaking News

"Katta Yettilik" Xitoyni inson huquqlarini e'zozlashga chaqirdi


APTOPIX Britain G7
APTOPIX Britain G7

AQSh Prezidenti Jo Bayden “Katta Yettilik” guruhi rahbarlarini Xitoyga qarshi qattiqroq siyosat yuritishga chaqirdi. Qo’shma Shtatlar Pekinni majburiy mehnatda, xalqaro savdo qoidalariga rioya qilmayotganlikda, dunyo bo’ylab infratuzilma loyihalarini moliyalashda muammo tug’dirayotganlikda ayblab keladi.

“Amerikaning “Katta Yettilik”dagi ittifoqchilari dunyoga ta’sirini yoyishga harakat qlayotgan Xitoydan taralayotgan tahdidning haqiqiy ekanida hamfikr, biroq Italiya, Germaniya va Yevropa Ittifoqi Pekin bilan to’qnashuv yo’lidan borishga tayyor emas, hamkorlik tarafdori, Yaponiya esa ikkilanib turibdi”, - dedi Angliyaning Kornuoll shahrida muxbirlarga ma’lumot ulashgan, biroq ismining matbuotda oshkor etilishini istamagan AQSh rasmiylaridan biri.

Prezident Bayden “Katta Yettilik” rahbarlarini Xitoyning Shinjon viloyatida yashovchi uyg’urlar va ozchilikdagi boshqa elatlarning majburiy mehnatga jalb etilishini qoralovchi bayonot qabul qilishga hamda bunga qarshi konkret chora ko’rishga ko’ndirishga harakat qildi va qisman buning uddasidan chiqqan ko’rinadi.

Sammitning yakuniy bayonotida majburiy mehnat amaliyoti qoralandi, garchi hujjatda Xitoyning nomi tilga olinmagan bo’lsa-da.

Gumanitar tashkilotlar Xitoy hukumatining ommaviy hibsga olishlar va mehnatga majburlash dasturiga doir holatlarni 2018-yildan beri to’plab keladi. Ushbu siyosat natijasida uyg’urlar, qozoqlar, o’zbeklar va boshqalar Shinjondan Xitoyning boshqa mintaqalariga yuborilib, fabrika va zavodlarda, xususan, xalqaro brendlar uchun mahsulot ishlab chiqaradigan korxonalarda og’ir sharoitlarda ishlatilmoqda.

Bayden buni inson qadr-qimmatini kamsituvchi siyosat hamda Xitoyning g’irrom iqtisodiy raqobatiga misol deya ta’rifladi. AQSh prezidenti “Katta Yettilik” guruhini Xitoyda majburiy mehnat masalasiga bir ovozda qattiq munosabat bildirishga da’vat etdi.

Sammit yakuniy bayonotida Xitoy to’rt marta tilga olindi. Xususan, “Katta Yettilik” global iqtisodiyotda halol va shaffof amaliyotga zid siyosatga kollektiv munosabat bildirishini ta’kidlab, Pekinni inson huquqlari va fundamental erkinliklarni hurmat qilishga chaqirdi.

Bayden va sammit mezboni, Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson past va o’rta daromadli mamlakatlar uchun Xitoyning “Kamar va yo’l” tashabbusiga raqobatbardosh infratuzilmani moliyalash mexanizmini e’lon qilmoqchi.

Xitoy ushbu tashabbus orqali o’nda ortiq mamlakatlarda infratuzilma taraqqiyoti uchun katta sarmoya ajratgan.

AQSh va Britaniya tashabbusi "Build Back Better World" (B3W), ya’ni “Dunyoni yaxshiroq qayta quraylik” deb nomlanadi. Undan maqsad rivojlanayotgan mamlakatlarda taraqqiyot uchun mavjud moliya mexanizmlari va xususiy sektorni ishga solib, mehnat, ekologiya va shaffoflik standartlariga rioya qilgan holda infratuzilmani moliyalash uchun kamomadni qisqartirishdir.

Oq uy ma’muriyatiga ko’ra, B3W tashabbusi infratuzilma uchun yuzlab milliard dollar pulni kollektiv ravishda ishga solishda yordam beradi. Biroq moliyalash tizimi, jadvali va miqdori hozircha ma’lum emas.

“Mintaqada infratuzilmani qurish uchun moliya ajratiladimi yoki mavjud resurslardan unumli va ma’noli foydalanish haqida gap ketmoqdami”, - deya so’raydi Vashingtondagi Uilson tahlil markazining Kissinjer nomidagi Xitoy va AQSh instituti direktori Robert Deyli.

Xitoy “Kamar va yo’l tashabbusi” yoki BRI orqali xalqaro moliya tashkilotlari kreditlashtirishga loyiq deb topmagan loyihalar uchun qarz beradi.

“Agar ushbu loyihalar moliyaviy riskdan xoli bo’lganida edi, Xalqaro valyuta jamg’armasi va Jahon banki allaqachon ularni moliyalagan bo’lardi”, - deydi Deyli.

Xitoyning kuchayishi AQShni asabiylashtirmoqda. Bayden Pekinni Amerikaning muhim strategik raqibi deb biladi.

"Biz Xitoy bilan emas, balki dunyodagi avtokratlar va avtokratik hukumatlar bilan raqobat qilyapmiz. Tez o’zgaruvchan 21-asrda demokratik mamlakatlar ular bilan raqobatlasha olishi uchun harakat qilyapmiz”, - dedi Bayden muxbirlarga.

“Katta Yettilik”, shuningdek, Jahon sog’liqni saqlash tashkilotini COVID-19 ning kelib chiqish sabablarini o’rganishda davom etishga chaqirdi. Bu ayrim mamlakatlar, jumladan, Xitoydan hamkorlikni talab qilishi aytilmoqda.

Baydenga ko’ra, Xitoy xalqaro mutaxassislarni o’z laboratoriyalariga hozircha qo’ygani yo’q.

“Hayvonlar va atrof-muhit bilan aloqada bo’lgan ko’rshapalak sabab bo’ldimi COVID-19 ga yoki laboratoriyada ilmiy tajriba izdan chiqdimi? Bu hozircha aniq emas”, - dedi AQSh prezidenti.

Xitoy G’arb davlatlarini uning taraqqiyotiga g’ov bo’lishga harakat qilayotganlikda ayblarkan, mustamlakachi va impercha fikrlash ularni tark etmaganini aytadi.

“Katta Yettilik” kelasi bir yilda koronavirusdan vaksina tanqis mamlakatlarga bir milliard doza vaksina berishga, xususiy sektor, “Katta Yigirmalik” guruhi va boshqa mamlakatlar bilan hamkorlikda bu boradagi hissasini yanada ko’paytirishga ahd qildi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG