Dunyoning rivojlangan va sanoatlashgan 7 mamlakati rahbari shu hafta oxirida Britaniyada uchrashib, koronavirus, iqlim o’zgarishi va soliqlar haqida gaplashishi kutilmoqda. Jo Bayden prezident bo’lganidan beri ilk bor xorijga chiqmoqda.
Fransiya, Germaniya, Italiya, Yaponiya va Kanada uchun sobiq prezident Donald Tramp bilan ishlash oson bo’lmagan, deydi germaniyalik tahlilchi Tomas Klayn-Brokxoff.
“Bayden ittifoqchilar bilan yo’qolgan ishonchni tiklashga urinmoqda”, - deydi Marshall jamg’armasi eksperti.
Unga kora, bu ish oson bo’lmaydi.
“Jo Bayden uzoq muddatga o’zgargan Amerikaning o’tish rahbari degan shubha bor”, - deydi Klayn-Brokxoff.
Shunga qaramay, deydi kuzatuvchilar, “Katta Yettilik” rahbarlari inoqligini ko’rsatishga harakat qiladi.
“COVIDni yengish sammit kun tartibidagi asosiy masalalardan”, - deydi Britaniya sobiq davlat maslahatchisi, endilikda Londondagi “Chatxem uyi” tahlil markazi eksperti Kreon Batler.
Sammit mezboni, Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson “Katta Yettilik” 2022-yil oxiriga borib butun dunyoni koronavirusdan emlantirishda yordam beradi deya va’da bergan. Gapdan ishga o’tish o’ta muhim, deydi sobiq bosh vazir Gordon Braun.
“Juma kuni boshlanadigan sammitda hayot-mamot masalalari ko’riladi. Unda qabul qilingan qarorlar kim emlanib sog’-salomat bo’lishini, kim esa emlanmasdan xavf ostida qolishini belgilaydi”, - deydi u.
“Katta Yettilik” rahbarlari iqlim o’zgarishiga qarshi kurash xususida gaplashadi. Savdo va soliq ham muhokama etiladi. Guruhga a’zo mamlakatlar moliya vazirlari o’tgan hafta yirik kompaniyalar uchun global soliq stavkasini kamida 15 foiz atrofida belgilash rejasini qo’llab-quvvatladi.
“Bu o’ta katta o’zgarish. Kompaniyalar endi soliq uchun ro’yxatdan o’tgan mamlakatdagina soliq to’lamasdan yirik daromad ko’rayotgan, ammo shu paytgacha juda oz miqdorda soliq solgan mamlakatlarda ham jiddiy soliq to’laydi”, - deydi Kreon Batler.
“Katta Yettilik” Kornuollda Rossiya va Xitoydan demokratik jamiyatlarga taralayotgan tahdidlarni ham muhokama etadi.
“Xitoy bilan aloqalarga kelganda G’arb davlatlari umumiy siyosat va yondashuvga kelisha oladimi? Mana shu asosiy masala. Bayden esa o’zining AQShdagi siyosiy maqsadlari uchun bu uchrashuvlardan biror foyda chiqarishga harakat qiladi”, - deydi Marshall jamg’armasi tahlilchisi.
“Katta Yettilik” sammitidan so’ng aksariyat rahbarlar dushanba kungi NATO majlisida qatnashish uchun Bryusselga boradi. Seshanba kuni Bayden Yevropa Ittifoqi rahbarlari bilan, shundan bir kun keyin Jenevada Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashadi.
Facebook Forum