Breaking News

AQSh Mudofaa vaziri Robert Geyts kelasi yil ishdan ketish niyatida


AQSh Mudofaa vaziri Robert Geyts kelasi yil lavozimni tark etish niyatida. Bu boradagi taxminlar anchadan beri matbuot sahifalaridan tushmay kelayotgan edi.

Foreign Policy – "Tashqi siyosat" gazetasiga intervyusida Robert Geyts “odam vaqtida ketishni bilishi kerak”degan. Arbob kelasi yilning yanvarini mo’ljallamoqda. Uning mudofaa vaziri bo’lib ishlayotganiga to’rt yil bo’ldi.

Obama ma’muriyati Afg’onistondagi yangi strategiya qanchalik samara berganini baholar ekan, dastlabki xulosalar aynan qish o’rtalarida ayon bo’ladi. Byudjet masalasi, sarfiyatni kamaytirish ham muhokama qilinadi. Geyts prezident Barak Obama yaxshi nomzod topish uchun yetarli vaqt va imkoniyat bermoqchi.

Robert Geyts kelasi oy 67 yoshni qarshilaydi. Ikki urushni boshqarish odamning tinkasini quritar ekan, deydi u. Biroq Pentagon matbuot kotibi Brayan Vitman so’zlariga ko’ra, Geyts kuchdan qoldi deyish to’g’ri emas.

“Robert Geyts iste’foga chiqishim mumkin degan xolos. Bu planlar o’zgarishi hech gapmas”, - deydi Pentagon rasmiysi.

Prezident Barak Obama vazir bilan bu borada maslahat qilganmi-yo’qmi, noma’lum. Ammo taxminlarga ko’ra, Geyts shu yil oxirigacha lavozimida qoladi degan kelishuv bo’lgan.

Robert Geyts 2006 yilda, Jorj Bush prezidentligi davrida Pentagon rahbari etib tayinlangan edi. Undan oldin Mudofaa vazirligini Donald Ramsfeld boshqargan va Iroq urushi quyushqondan chiqayotgan, jamoatchilik Respublikachilar partiyasidan ko’ngli qolgan damlar edi.

Robert Geyts Iroq mojarosini hal qilishga hissa qo’shgan arbob sifatida nom qozondi. Uning xizmati bilan askarlar vatanga qaytib, kelasi yil oxirigacha Iroqni butunlay tark etishi kutilmoqda. Geyts Obama ma’muriyatining Afg’onistonga doir strategiyasini tuzishda ham faol qatnashgan. Rejaga ko’ra, AQSh armiyasi 2011 yil yozida uyga qayta boshqashi kerak.

Geyts –demokratlar boshqaruvi ostida ishlayotgan respublikachi vazir. Obama 2008 yilda prezidentlikka kelganida undan bu lavozimda qolishni iltimos qilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG