Breaking News

Isroil-XAMAS ixtilofi: 212 falastinlik, 10 yahudiy qurbon


G'azo
G'azo

Isroil G’azoni havodan o’qqa tutishda davom etarkan, AQSh Prezidenti Jo Bayden Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu bilan so’nggi bir haftada uchinchi bor gaplashdi.

Xalqaro hayot - 18-may, 2021-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:08:23 0:00

Oq uy bayonotida aytilishicha, Bayden sulh tarafdori ekanini bildirib, Misr va boshqa mamlakatlar bilan ixtilofga barham berish maqsadida kechayotgan muloqoti haqida ma’lumot bergan.

10-maydan beri kamida 212 falastinlik, jumladan 61 bola va 36 ayol halok bo’lgan. Isroilda esa 10 odam XAMAS hujumlarida nobud bo’lgan.

Isroil armiyasi XAMASning G’azoda 15 kilometrlik tunneli hamda diniy vazirlikka qarashli 5 qavatli imoratni vayron qilganini, “Islomiy jihod” tashkilotining qo’mondonlaridan birini o’ldirganini ma’lum qildi.

Bunga javoban “Islomiy jihod” Isroilning Ashdod shahrini nishonga olib, 7 odamni yaralagani aytilmoqda.

Mudofaa vazirligi rasmiylari bilan uchrashgan Netanyaxuning aytishicha, Isroil “terror nishonlarini urishda davom etadi”.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining gumanitar yordam bilan shug’ullanuvchi idorasiga ko’ra, Isroil havo hujumlari natijasida G’azoda 450 bino zarar ko’rgan, 52 mingdan ortiq falastinlik uyini tashlab chiqishga majbur bo’lgan.

Jon saqlab qochgan minglab odamlar BMTning G’azodagi maktablariga joylashtirilgan. Isroil hududga gumanitar yordam o’tkazish uchun G’azo bilan chegaralardan birini ochgan.

“Xalqaro Amnistiya” tashkiloti Isroilning turar-joylarga hujumlarini urush jinoyatlariga tenglashtirmoqda.

"Isroil kuchlari aholi yashaydigan binolarni havodan nishonga olib, ba’zan oilalarni butunlay yo’q qilib, oddiy falastinliklar hayotini pisand qilmasligini ko’rsatmoqda. Bu hujumlar urush jinoyatlari yoki insoniyatga qarshi jinoyatlarga tengdir”, - deyiladi tashkilot bayonotida.

Isroil faqat harbiy nishonlarni urayotganini bildiradi. “Xalqaro Amnistiya” Isroilning aholi turar-joylariga to’rtta hujumi yuzasidan dalil to’plaganini ma’lum qilib, Xalqaro jinoiy suddan vaziyatni tergov qilishni so’radi.

Shunday hujumlarning birida 30 odam, jumladan 11 ta bola o’lgan. Isroil hujumdan oldin aholini ogohlantirmagani aytiladi.

Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron bugun Misr Prezidenti Abdul Fattoh Sissiy va Iordaniya qiroli Abdulla bilan G’azodagi vaziyatni muhokama qilgan.

Makron XAMAS va Isroilni sulhga chaqirib, Misrning vositachilik harakatlarini qo’llab-quvvatlashini aytdi.

Rossiyadagi xorijiy elchilar bilan uchrashuv chog’ida bu mamlakat rahbari Vladimir Putin ham zo’ravonliklarga zudlik bilan barham berishga chaqirdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG