AQShning eng yuqori lavozimli harbiysi general Mark Milli Senatdagi tinglovda qo’shinlarning Afg’onistondan chiqarilishiga baho berarkan, missiyaning logistik tomondan muvaffaqiyatli bo’lganini, ammo strategik jihatdan muvaffaqiyatsiz bo’lganini aytdi.
“Missiyaning natijasi strategik muvaffaqiyatsizlik bo’ldi. Dushman Kobulni qo’lga oldi. Buni boshqachasiga ta’riflab bo’lmaydi. 20 kunlik emas, 20 yillik missiya natijasi bu”, - dedi AQSh Qurolli kuchlar shtablari qo'mondonlarining birlashgan qo'mitasi boshlig'i.
Tinglovda AQSh Qurolli kuchlarining Markaziy qo’mondonligi rahbari general Frenk Makkenzi ham qatnashdi. Uning aytishicha, generallar kamida 2500 askarni qoldirish tarafdori bo’lgan.
“Vaziyatga 2020-yil kuzidayoq baho berib, shunday xulosaga kelganman. Muzokara orqali bir yechimga kelmaguncha askarlar sonini 2500 atrofida ushlab turishimiz, kerak bo’lsa 3500 tagacha chiqarishimiz kerak edi”, - dedi Milli.
“Men ham askarlar sonini 2500 atrofida ushlab turishni tavsiya qilganman. 2020-yil kuzida 4500 atrofida bo’lsin deganman. Bu shaxsiy fikrim. Qo’shinlarning chiqarilishi afg’on qurolli kuchlarining yemirilishiga va buning natijasida afg’on hukumatining qulashiga olib kelishini aytganman”, - dedi general Makkenzi.
Biroq Prezident Jo Baydenning aytishicha, maslahatchilaridan birortasi unga Afg’onistonda oz sonli qo’shinlarni qoldirishni tavsiya qilmagan.
Oq uy barcha qo’shinlarni olib chiqish qarorini yana bir bor himoya qildi.
“2500 askar qolganida ularni ko’paytirishga to’g’ri kelardi, chunki Tolibon bilan jang qilayotgan bo’lardik, bu esa talafotlarga olib kelardi. Bu haqiqat hamma uchun oydek ravshan edi”, - dedi Prezident Bayden matbuot kotibi Jen Psaki.
Ham respublikachi, ham demokrat qonunchilar Bayden ma’muriyatini amerikaliklar va afg’on ittifoqchilarni Afg’onistonda tashlab ketgani uchun tanqid qilmoqda, garchi prezident bunday qilmaslikka so’z bergan edi.
Tinglovda qatnashgan generallar qo’shinlarning Afg’onistondan chiqarilishi ketidan bu mamlakatdan taralayotgan terror tahdidlariga qarshi kurashish qiyinlashganiga, Tolibon va unga hamkor terrorchi guruhlarda mashq qilish imkoniyati kuchayganiga ishora qildi.
Mudofaa vazirligi rasmiylari AQSh razvedkasini Kobuldagi markaziy hukumatning bu qadar tez qulashini bashorat qila olmaganlikda aybladi.
General Millining aytishicha, siyosiy rahbarlar kelajakdagi harbiy missiyalarda muhlat belgilashdan uzoq turishi kerak.
“Sharoitga qarab harakat qilish kerak. Ikki prezident [Tramp va Bayden] esa muhlat qo’ygan”, - dedi u.
Facebook Forum