Breaking News

Geosiyosiy raqobat Bolqonga qaytmoqda


Bosniyaning serb xavfsizlik kuchlari
Bosniyaning serb xavfsizlik kuchlari

Bolqon yarimoroli 100 yil avval bo’lganidek yirik davlatlar e’tiborini yana o’ziga tortmoqda. Ba’zi kuzatuvchilar mintaqani geosiyosiy shaxmat o’yinidagi bir piyoda deb ko’radi.

Xalqaro hayot - 23-noyabr, 2018-yil - Geosiyosiy raqobat Bolqonga qaytmoqda
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:55 0:00

Bosniyaning yarim muxtor Serb Respublikasidagi chekka bir qishloqda rus pravoslav cherkovi qad ko’tarmoqda. Iqtisodiy imkoniyatlardan mahrum aholining katta qismi qishloqni tark etishga majbur bo’ldi. O’z uyida qolishni afzal ko’rgan odamlar esa cherkov qurilishi ketidan sayyohlar oqib kelishiga umid qilmoqda.

Kreml qurilishni olqishlagan, Rossiya elchisi esa uni borib ko’rib kelgan. Ba’zilar nazarida, bu Kremlning Bolqonda o’z siyosatini targ’ib qilishga qaratilgan kam xarjli strategiyasi. Kimdir bunday siyosatni yoqlamoqda, kimdir esa hushyor tortgan.

“Rossiyaning o’z maqsadlari bor. Rossiya bizning NATOga a’zo bo’lishimizni istamaydi va bu haqda ochiq gapirishgan. Bu munosabatlarimizga halaqit bermoqda”, - deydi Bosniya Prezidenti Sefik Dzaferovich.

Bu mamlakatda yashovchi serblar esa Rossiyani tabiiy ittifoqchisi deb biladi. Ruslar va serblar ayni dinga e’tiqod qiladi, etnik jihatdan bir-biriga o’ta yaqin. Rossiya serblarning Kosovoga da’vosini, serblar esa Rossiyaning Qrimga da’vosini qo’llab-quvvatlaydi.

Moskva pravoslav va slavyan birodarlari o’rtasidagi tarixiy aloqalarga urg’u berib keladi. O’tgan oy rossiyalik pravoslav ruhoniylar va Kreml mulozimlari Bosniyaning Serbiya Respublikasi poytaxtida ochilgan yangi rus pravoslav cherkov va madaniy markazini muqaddaslash uchun Banya-Lukaga bordi. Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov delegatsiyaga bosh bo’ldi.

Qo’shni Serbiya davlatida Rossiya tabiiy ofatlar bilan shug’ullanadigan favqulodda yordam va tayyorgarlik markaziga asos soldi. Rossiya matbuoti serb jurnalistlarining NATOga qarshi xabarlarini efirga uzatmoqda. Kreml Belgradga bir nechta MiG qiruvchi samolyotlarini hadya qildi.

G’arb diplomatlari Rossiyani o’tgan oy Makedoniyada o’tgan referendumga aralashganlikda ayblamoqda. Gretsiya bilan 27 yillik bahsga chek qo’yish hamda NATOga a’zo bo’lish maqsadida Makedoniya referendum orqali nomini o’zgartirishga majbur bo’ldi.

“Geosiyosiy raqobat Yevropaning janubi-sharqiga qaytdi. Rossiyaning mintaqadagi rolidan juda xavotirdamiz”, - deydi AQShning Gretsiyadagi elchisi Jeffri Pyat.

G’arb Bolqonga Rossiyadan ko’ra ko’proq sarmoya qilmoqda. Yevropa davlatlarining moliyaviy yordami, sarmoyasi va savdosi salkam 12 milliard dollarga yetdi. Bolqon davlatlarida Yevropa Ittifoqiga a’zo bo’lish umidi katta. Hatto serb siyosatchilari ham bunday ehtimoldan yuz o’girgani yo’q.

“Serb Respublikasi hamda Bosniya va Gersegovina uchun Yevropa Ittifoqiga a’zo bo’lishga intilish tabiiy holat”, - deydi bosniyalik serb siyosiy arbobi Nikola Spirich.

Ommaviy so’rov natijalariga ko’ra, Rossiyaning Bolqondagi siyosati natija bermayapti. Mintaqa aholisining aksariyati Yevropa Ittifoqiga a’zolik iqtisodiy farovonlik keltirishiga shubha qilmaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG