Breaking News

AQShda ota Bush xotirasiga motam


AQSh 41-prezidentini so'nggi yo'lga kuzatmoqda
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:18 0:00

Amerika xalqi 41-prezident ota Jorj Bush bilan vidolashmoqda. Mamlakatni 1989-1993 yillarda boshqargan Bush uzoq davom etgan xastalik ortidan 94 yoshida ona shtati Texasda olamdan o’tdi. Uning tobuti ziyorat uchun bir necha kun Kapitoliyda turadi. Dafn marosimida Prezident Donald Tramp ham qatnashadi.

1990-yilning avgustida Iroq armiyasi Quvaytni bosib olgach, AQShning o’sha paytdagi prezidenti Jorj Bush neftga boy mamlakatni ozod etish uchun xalqaro koalitsiya tuzgan, Fors ko’rfazidagi ittifoqchilarga dalda bergan. 1991-yilning yanvarida harbiy operatsiya boshlangan.

“Besh oy oldin Saddam Husayn Quvaytga qarshi shafqatsiz urush ochdi. Bugun biz jangga qo’shilamiz”, - degan edi Bush.

AQSh boshchiligidagi “Sahrodagi bo’ron” amaliyoti olti hafta ichida Iroq kuchlarini Quvaytdan haydab chiqardi. Bushning hujumni to’xtatish qarori noto’g’ri deb tanqid qilinsa-da, uning mamlakatda va xalqaro sahnada reytingi oshib ketdi. Shundan so’ng Bush arab-Isroil tinchlik jarayonini jonlantirishga kirishdi, o’sha yili Madrid konferensiyasi o’tkazilgan.

Bush prezidentligining oxirgi haftalarida, 1992-yilning dekabrida Somalida tartib o’rnatish sa’y-harakatlari esa muvaffaqiyatsiz kechgan. Urush Bill Klinton davrida ham davom etdi.

Ronald Reygan rahbarligi paytida vitse-prezident bo’lgan Jorj Bush 1988-yilda Oq uyga saylangan. U jahon sahnasida katta o’zgarishlar yuz bergan pallada mamlakatni boshqardi. 1989-yili Berlin devori quladi, 1991-yilda esa Sovet Ittifoqi. Bush sovetlar yetakchisi Mixail Gorbachev bilan uchrashib, strategik hamkorlik asosida sovuq urushga yakun yasalgan.

AQShning o’zida esa Bush saylanayotganda soliqlarni oshirmaslikka va’da bergan edi.

Ammo Kongressda ko’pchilik bo’lgan demokratlar bosimi ostida u byudjet kamomadini kamaytirish uchun soliqlarni oshirishga majbur bo’ldi. Iqtisodiy o’sish sekinlashishi hamda urush natijasiga oid savollar Bushning xalq orasidagi reytingini tushirib yubordi va u ikkinchi muddatga saylana olmadi.

Saylov mag’lubiyatidan so’ng Bush siyosatdan chekinib, Texasdagi uyiga qaytadi. Bushlar oilasi u yerda neft biznesi bilan boylik orttirgan. Ota Bush jamoatchilikka ko’rinib turardi. Sakkiz yil o’tib, uning o’g’li kenja Jorj Bush prezidentlikka saylandi.

“O’g’limiz davlat rahbari sifatida sharaf bilan sizga xizmat qiladi”, - degan edi Bush sahnadan turib.

2005-yilda o’g’lining iltimosi bilan ota Bush eski raqibi Bill Klinton bilan birgalikda Katrina to’fonidan ziyon ko’rgan shtatlarni aylanib, gumanitar loyihalarga ko’maklashgan.

U Britaniya qirolichasi Yelizaveta hamda Oq uyda Prezident Barak Obama tomonidan mukofotlar bilan taqdirlangan edi.

Ikkinchi jahon urushida harbiy uchuvchi bo’lgan Jorj Bush tug’ilgan kunlarining bir nechasini parashyutdan sakrab, jumladan 90 yoshini ham shu tarzda nishonlagan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG