Bugun Gruziyada prezident saylovlarining ikkinchi bosqichi. Saylovlarning 28-oktabrda o’tgan birinchi bosqichida nomzodlarning hech biri kamida 50 foiz ololmaganidan so’ng eng ko’p ovoz to’plagan ikki nomzod Salome Zurabishvili va Grigol Vashadze ikkinchi bosqichda o’zaro bellashmoqda. Vashadze birlashgan muxolifatdan nomzod.
Prezident saylovlari Gruziyada so’nggi bor to’g’ridan-to’g’ri o’tkazilmoqda. O’tgan yili qabul qilingan konstitutsion o’zgarishlarga ko’ra, prezident vakolatlari kamayadi, keyingi saylovlarda esa davlat rahbarini xalq emas, saylov kollegiyasi saylaydi.
“Hukmron partiya uchun g’alaba qilish qiyin bo’ladi, u ikkinchi bosqichda g’olib bo’lish uchun qattiq chiranmoqda”, - deydi tahlilchi Gia Nodiya.
Mustaqil nomzod Salome Zurabishvili fransiyalik sobiq diplomat, 2004-yilda Gruziyada tashqi ishlar vazirasi lavozimida ham ishlagan. Uni “Gruziya orzusi” hukmron partiyasi qo’llab-quvvatlamoqda.
“Fransiyadagi diplomatik ishimdan Gruziya ham foyda ko’rgan. Men o’z yurti uchun kurashayotgan gruziyalikman”, - deydi Zurabishvili siyosiy reklamasida.
“Gruziya orzusi” partiyasiga sobiq bosh vazir va milliarder Bidzina Ivanishvili asos solgan. U Gruziya, Rossiya va Fransiya fuqarosi.
“Salome Zurabishvili g’alaba qozonsa, Gruziya Rossiya ta’siriga qaytishi mumkin. Gruziyani aslida hozir Ivanishvili boshqarmoqda”, - deydi Vashingtondagi Mudofaa universiteti eksperti Piter Yelsov.
Zurabishvilining raqibi Grigol Vashadze bo’lib, Birlashgan muxolif blokidan nomzod. Yelsov nazarida, Vashadze Rossiyaga qarshi ko’p gapirsa-da, prezidentlikka saylangan taqdirda ham Moskvaga qarshilik ko’rsata olmaydi.
“U Sovet Ittifoqi paytida Moskvada diplomatlikka o’qigan, Sovet diplomatik tizimida ishlagan. 2008-yilgi urushdan so’ng Rossiyaning harakatlari yumshoq bo’lmasligini yaxshi tushunishadi”, - deydi Yelsov.
Vashadze Gruziyadan ajralib chiqqan Abxaziya va Janubiy Osetiyani Tbilisi nazoratiga tinch yo’l bilan qaytaraman, deydi.
“Gruziya o’z hududida ko’p imperiyalarni ko’rdi. Hozirgi Rossiya imperiyasi ham o’tadi, ammo Gruziya qoladi”, - deydi u.
Facebook Forum