Breaking News

Gruziya muxolifati muddatsiz piket boshlashini bildirdi


Gruziya poytaxti Tbilisida muxolif partiyalar tarafdorlari Markaziy saylov komissiyasi binosi yonida namoyish qilib, 31-oktabr kuni o’tgan parlament saylovlarida ovozlar soxtalashtirilganini da’vo qilmoqda. Namoyishchilar komissiya raisini iste’foga chaqirmoqda, yangi saylov o’tkazishni talab qilmoqda.

Saylov natijasiga ko’ra, hukmron “Gruzin orzusi” partiyasi 48 foizdan ko’p ovoz olgan, biroq muxolifat ovozlarni hisoblash paytida ommaviy soxtalashtirish bo’lgan, demoqda.

Namoyishchilar parlament binosi yonida ham to’plangan. Politsiya ularni tarqatish uchun suv va boshqa choralar qo’llagan. Bir necha odamning jarohat olgani ma’lum.

Muxolifat yangi saylov kuni belgilanmaguncha muddatsiz piket boshlash haqida e’lon qildi.

Sobiq prezident Mixail Saakashvili rahbarligidagi “Birlashgan milliy harakat” va boshqa muxolif partiyalar yangi parlamentni boykot qilishini, deputatlar mandatlarini tan olmasligini bildirdi.

Gruziyada jinoiy ishlarda ayblanayotgan, fuqarolikdan mahrum etilgan Saakashvili partiya faoliyatini Ukrainadan turib boshqarmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG