Breaking News

Hududlaridan ayrilgan gruzinlar mamlakat birlashishiga umid qilmoqda


2008-yilda Rossiya-Gruziya mojarosi natijasida Abxaziya va Janubiy Osetiya Gruziyadan ajralib, yuz minglab odamlarning hayotida katta o’zgarishlar yuz berdi. Rossiya qo’shinlari bo’lginchi bu ikki hudud xavfsizligini nazorat qiladi. “Amerika Ovozi” yaqinda chegaraga aylangan hududga borib, vaziyatni o’rgandi.

Xalqaro hayot - 15-avgust, 2019-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:07 0:00

Yevropa Ittifoqining Gruziyadagi monitoring missiyasi Janubiy Osetiyani Gruziyadan ajratuvchi chiziq bo’ylab surunkali kuzatuv olib boradi. Norasmiy chegaraning narigi tarafida rossiyalik chegarachilarni ko’rish mumkin. Yaqin atrofda Rossiya harbiy bazasi joylashgan.

“Abxaziya va Janubiy Osetiya 2008-yil avgustida o’zini mustaqil deb e’lon qilganida ular davlat chegaralarini ham belgilab qo’yishgan edi. Shundan keyin rossiyalik qo’shinlar kelib chegarani nazorat qilmoqda. Hududda infratuzilma, chegara punktini ham o’rnatishgan”, - deydi Yevropa missiyasi rahbari Erik Xeg.

Missiya tarkibida harbiylar yo’q, a’zolari qurollanmagan. Tahdid tug’ilsa, javob bera olmaydi.

“Haqiqiy qurolli mojaro vujudga kelsa, bizning qo’limizdan himoya qilish kelmaydi”, - deydi Xeg.

Gruziyaning Siyosiy tahlil departamenti xodimi Tamar Kochoradzening aytishicha, bo’lginchi hududlarda yashovchi aholi va, ayniqsa, etnik gruzinlarning o’z ona tilida ta’lim olishiga cheklovlar bor.

“So’nggi yillarda gruzin maktablarining yopilganiga guvoh bo’ldik. Bosib olingan bu rayonlarda aholi kamayib ketgan. Abxaziyada uchdan biri, Janubiy Osetiyaning Sxinval rayonida esa aholining beshdan biri qolgan”, - deydi u.

2008-yilgi mojaroda yuzlab askar va tinch aholi vakillari o’lgan, Gruziya hududining 20 foizidan ayrildi. Yevropa Ittifoqining Gruziyadagi monitoring missiyasiga ko’ra, Moskva sulh kelishuviga amal qilmayapti.

“Olti punktdan iborat shartnomaning 5-punktiga ko’ra, Rossiya qo’shinlarini urushdan oldingi bazalariga qaytarishi kerak edi, biroq bunday bo’lmadi. Rossiya ham Abxaziyada, ham Janubiy Osetiyada ko’p sonli qo’shinlarga ega. Har birida 4-5 ming atrofida. Bu esa kelishuvga xilof”, - deydi Erik Xeg.

Ba’zilar muloqot orqali Gruziyadan ajralgan hududlarni qaytarish mumkinligiga ishonadi.

“Gruziya hududiy daxlsizligi haqida ko’p gapiramizu, abxaz va osetin qo’shnilarimiz haqida yetarlicha gapirmaymiz. Ular bilan muloqot va aloqani kuchaytirish kerak. Bu oson bo’lmaydi, albatta”, - deydi Gruziyaning AQShdagi sobiq elchisi Tedo Japaridze.

Gruziya farovonligi uchun Rossiya va boshqalar bilan ham muloqot qilish kerak, deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG