Breaking News

Germaniya saylovlarida g'alabaga kimda imkoniyat ko'proq?


26-sentabr yakshanba kuni Germaniyada parlament saylovlari o’tkaziladi. Yevropada barqarorlik ustuni bo’lgan kansler Angela Merkel 16 yildan so’ng iste’foga chiqmoqda.

Xalqaro hayot – 23-sentabr, 2021-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:08:47 0:00

Merkelning reytingi yuqori bo’lishiga qaramay, uning Nasroniy-demokratlar partiyasiga saylovchilarning ishonchi so’nib bormoqda. Partiya ayrim ommaviy so’rovlarda Ikkinchi jahon urushidan beri ilk bor 20 foiz ovoz to’plolmadi. Agar boshqa partiyalar o’zaro koalitsiya tuzishga muvaffaq bo’lsa, nasroniy demokratlar hokimiyatdan ketadi.

Yil boshida partiya rahbarligiga saylangan Armin Lashet kanslerlikka da’vogarlardan.

“Bunday qiyin davrda Yevropa birdamligi, iqlimga zararsiz sanoat, kuchli iqtisodiyot va milliy xavfsizlikka aniq yo’l va’da qilaman”, - dedi u.

Saylovchilarga bu gaplar manzur bo’lsa-da, Lashetni yoqtirmaydiganlar ko’p. Iyul oyida Germaniyaning toshqinga uchragan rayonlariga tashrifi chog’ida Lashetning mamlakat prezidenti nutq so’zlayotgan paytda kulib turgani kameralar nigohiga tushganidan beri reytingi ko’tarilgani yo’q.

So’rovlarda Sotsial-demokratlar partiyasining sardori Olaf Shols oldinda ketmoqda. Shols Merkelning koalitsion hukumatida moliya vaziri lavozimini bajarmoqda.

“Sholsning so’rovlardagi o’rni barqaror, vazir sifatida ham ishini uddalamoqda. Uning xarizma va jozibasi bo’lmasa-da, barqarorligi bilan ajralib turadi, raqobat ham kuchli emas”, - deydi Berlinning Fray universiteti professori Gero Noygebauer.

Schols so’nggi teledebatda g’alaba qozonishiga ishonch bildirdi.

“Ko’plar meni keyingi hukumat tepasida ko’rishni, keyingi kansler bo’lishimni istaydi. Yashillar bilan koalitsion hukumat tuzishga harakat qilishimni yashirmayman”, - dedi u.

“Yashillar” partiyasining rahbari Annalena Berbok so’rovlarda uchinchi o’rinda, sotsial-demokratlar bilan ittifoq tuzishga tayyor, ma’lum shartlar bilan.

“Iqlim o’zgarishiga kelganda murosa qila olmaymiz, chunki iqlim o’zgarishiga qarshi kurash uchun vaqt oz qolyapti”, - dedi "Yashillar" partiyasidan nomzod Paila Pichotta.

“Erkin demokratlar” yoki So’lchilar partiyasi kabi kichikroq partiyalar ham koalitsiyaga ta’sir qilishi mumkin. Barcha uchta yirik partiya ultra millatchi “Muqobil Germaniya” bilan hamkorlik qilmasligini bildirdi. So’rovlarda bu partiya 10 foiz ovoz olgan.

Koalitsion hukumat tuzishga bir necha oy vaqt ketishi mumkin. Partiyalar kelishgunga qadar Merkel hukumatni boshqarib turadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG