Breaking News

Germaniyada millatchi partiyalar kuchga to'lmoqda


Ayrim kuzatuvchilar nazarida, Germaniyadagi millatchi guruhlar 29 yil oldin birlashgan Germaniya birligiga raxna solmoqda. Ammo bu guruhlardan so’nggi saylovlarda g’alaba qozongan siyosatchilar nazarida, mamlakatning sharqiy qismi iqtisodiy jihatdan g’arbiy hududlardan hamon ortda, birlashuv jarayoni yakunlanmagan.

Shu kunlarda sharqiy Germaniya markazida joylashgan Tyuringiya yerida ba’zilarning kayfiyati tushkun. Ular ultra millatchi “Germaniya uchun muqobil” yoki AfD partiyasining kuchayayotganidan tashvishda.

Partiyaning mahalliy saylovlarda g’alaba qozongan a’zosi Nadin Xoffmanning aytishicha, Germaniyaning 1989-yildan keyingi birlashuvidan ko’zlangan maqsad hanuz amalga oshgani yo’q.

“Sharq va g’arb o’rtasida hali ham bo’linish bor. Bunga 30 yildan oshdi. Biz birlashish jarayonini oxirigacha yetkazishimiz kerak”, - deydi u.

1989-yili minglab odam ko’chaga chiqib, kommunistik sharqiy Germaniyada o’zgarishlarni talab qilgan. “Germaniya uchun muqobil” partiyasi o’z namoyishlarida o’sha paytdagi shiorlarga murojaat qilarkan, inqilobni amalga oshirish o’rniga uni yakunlashni va’da qilmoqda.

“O’sha paytdagi odamlar uch yilda iqtisodiyot gurkirab ketadi deb o’ylagan edi. Ammo unday bo’lmadi. Mamlakat sharqida yashovchi aholining katta qismi o’zini haligacha ikkinchi darajali fuqaro deb ko’radi”, - deydi Berlin Erkin universitetidan Xayo Funke.

AfD va boshqa ultra millatchi guruhlar 2015-yil boshida yuz minglab qochqinlarning Germaniyaga kelishini keskin qarshilik bilan kutib oldi.

Tyuringiya va sharqdagi boshqa hududlarda “Olmonlar birinchi” degan harakat tashkil topib, ba’zilar uni mohiyat jihatidan Germaniyaning natsist o’tmishiga qiyoslaydi. Partiya mamlakat bo’ylab vakolatxonalarga ega, tarafdorlarining katta qismi sharqiy hududlardan.

“1989-yilda 18 yoshda edim. Odamlarning boshqa fuqarolarni namoyishlardan qaytarishga harakat qilgani esimda. Hozir ham shu holatga yaqinmiz”, - deydi AfDning Katrin ismli Tyuringiyadagi tarafdori.

Ayrimlar partiyaning asl mohiyati va maqsadlarini tushunishga harakat qilmoqda. Kimdir uni shunchaki konservativ harakat deb bilsa, kimdir Germaniya tarixining eng zulmatli sahifasidan aks-sado deb ko’radi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG