Breaking News

Germaniyada muhojirlar mebel yasash orqali ruhiy ko'mak olmoqda


Germaniyadagi muhojirlar hayotidan
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:30 0:00

Afrika, Yaqin Sharq va Osiyodagi zo'ravonliklardan qochib Yevropaga yo'l olayotgan muhojirlar o'z hayotini jiddiy xavf ostiga qo'ymoqda. Ular O'rta Yer dengizida kichik hajmli va me'yoridan ko'p odam ortilgan kemalarda vositachilar yordamida safarga chiqmoqda. Shu yilning o'zida 1000 dan ortiq odam cho'kkan yoki ochlikdan halok bo'lgan. Yevropaga eson-omon yetib kelganlar ham ruhiy va boshqa qiyinchiliklarga duchor bo'lmoqda. Germaniyada ana shunday muhojirlarga ruhiy yordam ko'rsatadigan dastur bor.

Berlindagi Kukula tashabbusi qochoqlarga o'zlari kelgan kemalardan olingan yog'ochlar yordamida mebel yasashni o'rgatmoqda. Dastur Afrikadagi uylarini tashlab, O'rta Yer dengizi orqali Yevropaga kelgan yosh muhojirlarga umid berishni maqsad qilgan. Ulardan biri malilik 23 yoshli yigit.

"Qayiqni unuta olmayapman, chunki unda do'stlarimiz cho'kib ketdi. Ular suza olmadi, men ham suzishdan bo'shman. Ularga yordam bera olmadim", - deydi u.

Qayiq yog'ochlaridan foydali bir jihoz yasashni o'rganish Italiyadan Germaniyaga olib kelingan yosh muhojirning ruhiy qiynoqlarini yengishga yordam bermoqda.

"Ko'p foydasi tegdi. Shu yog'ochdan kursi yashashni o'rgandim", - deydi u.

Nigeriyalik yigitning ham taassurotlari shunday.

"Kayfiyatim yaxshi hozir. Mening boshimdan ham xuddi shular o'tgan, hech esimdan chiqmaydi. Men ham bir kuni o'laman, ammo bularni unutishim kerak", - deydi u.

Nigerlik muhojirning o'z tarixi bor.

"Italiyaning Lampeduza orolida kechirganlarimni unuta olmayman. Boshqa odamlar ham o'z hayotlarini gapirib berishi kerak", - deydi Malik ismli yigit.

Germaniya kansleri Angela Merkelning aytishicha, ko'plab odamlarning o'limiga sabab bo'layotgan odam kontrabandasini to'xtatish kerak.

"Avvalo, odamlarni xavf-xatarga va noinsoniy sharoitlarga duchor qilayotgan jinoyatchilarga qarshi kurashni kuchaytirish uchun barcha choralarni ko'rishimiz kerak. Ikkinchidan, odamlarni qochishga majbur qilayotgan sabablarni bartaraf etishimiz kerak. Uchinchidan, shu kunlarda eng muhim bo'lib turgan masala, odamlarning O'rta Yer dengizida, eshigimiz ostonasida o'lishda davom etishiga yo'l qo'ymasligimiz kerak", - dedi Merkel.

Gumanitar yordam tashkilotlari esa Yevropaga yetib kelgan muhojirlarning ko'proq yordamga muhtoj ekanini ta'kidlaydi.

"Vaziyatni faqat siyosat bilan hal qilib bo'lmaydi. Ijtimoiy choralar ko'rilishi kerak. Ularni qabul qila olishimiz kerak", - deydi Berlin qochoqlar kengahi vakili Barbara Meyer.

Kukula tashabbusi mebel yasash loyihasi uchun 130 ming dollar yig'di. Ishni davom ettirish uchun muhojirlar yasagan jihozlar sotilmoqda. Bambino deya ataladigan kursilar 140 dollardan 270 dollargacha bo'lib, turli o'lchamlariga buyurtma berish mumkin. Maqsad muhojirlar malakasini oshirib, o'ziga ishonchini, ruhini ko'tarish.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG