Breaking News

Afg'onistonda G'ani va Abdulla prezident sifatida alohida qasamyod keltirishdi


G'ani va Abdulla

Afg’onistonda o’tgan yil sentabrdagi saylovda qatnashgan har ikki nomzod o'zini g'olib deb, Kobulda qasamyod keltirgan.

Xalqaro hayot - 9-mart, 2020-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:08:43 0:00

Fevral oyida Afg'oniston Mustaqil saylov komissiyasi amaldagi Prezident Ashraf G’anini g’olib (50,64%) deb e'lon qilganiga qaramay, uning saylovdagi raqibi Abdulla Abdulla komissiya e'lon qilgan natijani (39,52%) tan olishdan bosh tortib, o'z hukumatini tuzishga kirishgan.

Bunday siyosiy inqiroz AQSh Tolibon bilan imzolagan shartnoma ijrosini paysalga solishi mumkin. Qo’shma Shtatlar hech bir tomonni hozircha prezident sifatida rasman tan olmagan.

G'anining qasamyod marosimi
G'anining qasamyod marosimi

G’anining qasamyod marosimida AQSh prezidentining Afg’oniston bo’yicha maxsus vakili Zalmay Xalilzod va xalqaro kuchlarning Afg’onistondagi amerikalik qo’mondoni general Skot Miller qatnashgan. Abdullaning inauguratsiyasi uning idorasida o’tgan. Afg’onistondagi televizion kanallar har ikki tadbirni jonli efirga uzatgan.

Abdulla shu paytgacha hukumat raisi lavozimini bajarib kelgan edi. Oldingi saylovda ham u saylov natijalaridan norozi bo’lgan edi, ammo AQSh aralashuvi tufayli Abdulla G’ani bilan kelishib ishlashga rozi bo’lgan edi.

Abdulla Abdullaning qasamyod marosimi
Abdulla Abdullaning qasamyod marosimi

Mamlakatdagi ayrim siyosiy arboblar G’ani va Abdulla o’rtasidagi ziddiyat Afg’onistonni zaiflashtirayotganiga ishora qilmoqda.

10-mart kuni Tolibon turli siyosiy doiralardan tuzilgan guruh bilan muzokara boshlashi kutilmoqda, ammo hozirgi siyosiy inqiroz bu jarayonni paysalga solishi mumkin.

Bu o'rtada Tolibon jangari harakatining bildirishicha, AQSh bilan imzolangan tinchlik bitimi guruh rahbarining Afg’oniston amiri maqomiga ta’sir qilmaydi.

Ma’lumki, harakat o’zini rasman Afg’oniston Islomiy Amirligi deb ataydi. Uning hozirgi rahbari Mulla Haybatulla Oxundzoda bo’lib, 2015-yilda guruhdan toliblarning bir qismi ajralib, o’zini Afg’oniston Islomiy Amirligi Oliy Kengashi deb atay boshlagan. Guruhni bir paytlar Nimro’z viloyatiga hokimlik qilgan Muhammad Rasul boshqaradi.

AQSh bir hafta oldin Qatarda Tolibon bilan bitim imzolab, qo’shinlarini Afg’onistondan chiqarishga, toliblarni Afg’oniston hukumati va boshqa idoralari bilan muzokara boshlashga kelishgan edi.

Biroq AQSh matbuotining Vashingtondagi manbalarga tayanib bildirishicha, 29-fevralda imzolangan bitimga jangarilarning rioya qilish niyati yo’q. Tolibon bayonotida aytilishicha, Afg’onistonning qonuniy amiri turganda boshqa rahbarning bo’lishi mumkin emas.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG