Breaking News

2020-yilda global harorat o'sishda davom etdi


2020-yilda dunyo bo’ylab koronavirus tarqalishi bilan bir paytda iqlim o’zgarishi ham davom etdi. Dunyoning turli chekkalarida o’rmonlar rekord darajada yondi. Atlantika okeanidan har qachongidan ko’p dovul keldi.

Xalqaro hayot – 25-dekabr, 2020-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:08:04 0:00

2020-yil eng issiq yil sifatida ham qayd etildi. Sayyorada harorat o’sdi. Iqlim bundan-da kuchliroq o’zgarishi mumkin edi, ammo pandemiya sabab ko’chalar huvilladi, avtomobillar qatnovi susaydi, samolyotlar uchmadi. Natijada iqlim isishiga sabab bo’layotgan zararli gazlar chiqindisi 7 foizga kamaydi.

Biroq, deydi Jahon resurslar instituti direktori Den Lashof, quvonishga hali erta.

"Biz 2020-yilda ko’rgan chiqindilar kamayishi to’g’ri bo’lmadi. Aksariyati iqtisodiyot tiklanishi bilan o’z holiga tez qaytadi”, - deydi mutaxassis.

Chiqindilarning to’g’ri ravishda kamayishi uchun mamlakatlarda fundamental o’zgarishlar hosil bo’lishi kerak. Ayrim davlatlar buning uddasidan chiqdi, deydi Kolumbiya universitetida huquqshunoslik bo’yicha professor Maykl Jerrard.

“Iqlim o’zgarishiga qarshi kurash doirasida yilning eng muhim voqeasi Xitoy Prezidenti Si Zinpinning 2060-yilga borib mamlakatda uglerod chiqindilarining atmosferaga chiqarilishi nolga tushirilishi haqidagi bayonoti bo’ldi. Yevropadagi ayrim mamlakatlar ham iqlim bobidagi maqsadlarini yuksaltirdi. Dunyoning katta qismi to’g’ri yo’nalishda ketmoqda”, - deydi Jerrard.

Biroq, deydi u, AQSh Prezidenti Donald Tramp ekologik qoidalarni susaytirib, qazilma yoqilg’i ishlab chiqarilishini kuchaytirib, teskari yo’ldan ketmoqda.

Jo Baydenning saylovda Tramp ustidan g’alabasi AQShning bu siyosatida burilish yasaydi, deydi Jerrard.

“Bayden Tramp siyosatini qarama-qarshi tarafga o’zgartirishiga shubha yo’q”, - deydi u.

Bayden saylov kampaniyasi paytida iqlim o’zgarishiga qarshi kurashni ustuvor vazifalardan deb e’lon qilgan. Bu boradagi maqsadlarini amalga oshirishda bo’lingan Kongress bilan ishlash oson bo’lmaydi.

Shtatlar ham iqlim o’zgarishiga qarshi mustaqil qonunlar qabul qilishi mumkin. Masalan, Kaliforniya gubernatori 2035-yilga borib benzinda yuradigan avtomobillar shtatda ortiq sotilmasligini buyurdi.

Banklar va sarmoyadorlar joriy yilda qazilma yoqilg’ilarga qiziqishini susaytirdi. Yirik banklar Arktikada neft va gaz loyihalarini moliyamasligini bildirdi. AQSh Federal zaxira banki ilk bor iqlim o’zgarishiga qarshi siyosatni kuchaytirishga chaqirdi.

"Iqlim o'zgarishi AQSh moliya tizimiga jiddiy xavf tug'diradi degan fikr keng tarqalmoqda. 2020-yilda bunday fikrlash yanada kuchaydi”, - deydi Den Lashof.

Besh yil oldin BMT tashabbusi bilan Parijda iqlim o’zgarishiga qarshi kurashga doir xalqaro bitim qabul qilindi.

Biroq insoniyat harorat ko’tarilishini to’xtatishga qaratilgan maqsadlarga yetishiga hali ancha bor, deydi BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish.

2020-yilda harorat ko’tarilishda davom etdi va jarayonni to’xtatishga borgan sari oz vaqt qolyapti.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG