Breaking News

Grek orollari aholisi migrantlar tig'izligidan nolimoqda


Lesbosdagi namoyish paytida
Lesbosdagi namoyish paytida

Gretsiyadagi uch orol aholisi hukumatdan qochqinlar lagerlariga keragidan ortiq odam joylashtirmaslikni va migrantlarga bosimni yengillashtirish talabi bilan ko’chaga chiqqan. Namoyish paytida Lesbos, Samos va Xios orollarida aksariyat do’konlar ishlamagan, davlat xizmatlari ko’rsatilmagan.

Ba’zi qochqinlar lagerlarida keragidan 10 baravar ko’p odam borligi aytilmoqda. Xalqaro gumanitar tashkilotlar u yerdagi sharoitlarni tanqid qilmoqda. Namoyishchilar migrantlarni mamlakat bo’ylab teng taqsimlashga, yangi migrantlar uchun bandargohlarni yopishni talab qilmoqda.

Namoyishlarni viloyatlar va shahar hokimlari uyushtirdi. Ular poytaxt Afinaga borib, o’z talablarini hukumatga bildirishdi. Uch oroldagi namoyishlarda 10 mingga yaqin odam qatnashgan.

“Migrantlar ketsin endi. Biz irqchi emasmiz, shunchaki Lesbosdagi vaziyat nazoratdan chiqmoqda. Ular kelishga kelyaptiyu, lekin ketmayapti. Chegaralarni ochib, ularni Italiya, Bolgariya, Germaniyaga chiqarish kerak. Keyin esa chegarani yopish lozim, chunki orollarda joy qolmadi”, - deydi lesboslik bir odam.

Mahalliy rasmiylarning aytishicha, ular namoyish bilan Egey dengizining shimoliy qismida joylashgan orollardagi vaziyatga diqqat qaratmoqchi bo’ldi.

“Minglab odamlar qiyin sharoitlarda qolib ketgan, bu davom etishi mumkin emas. Inson sifatida buni qabul qila olmaymiz. Orol xalqi hayoti ham yomonlashgan. Haddan ziyod odam to’plangan bu yerda”, - deydi Shimoliy Egey mintaqasi hokimi Kostas Mutzuris.

BMTning Qochqinlar bo’yicha agentligi ma’lumotiga ko’ra, Gretsiyada 100 mingga yaqin migrant va qochqin bor, shulardan 40 mingi orollarda. Lesbosda uch ming odamga mo’ljallangan “Moriya” lagerida 19 ming odam joylashtirilgan. Baxtsiz hodisalar, kasallik va zo’ravonliklardan o’lganlar bor.

“Tunda hojatxonaga chiqish xavfli”, - deydi Farhod ismli afg’onistonlik migrant.

Migrantlar ham namoyishlar qilib turadi. Eng so’nggisi o’tgan hafta “Moriya” lagerida bo’ldi. U yerda yashovchi yamanlik bir odam pichoqlab ketilganidan so’ng.

Gretsiya Yevropa davlatlaridan yordam ham so’ragan.

“Yevropa zudlik bilan umumiy siyosat ishlab chiqishi kerak”, - deydi Gretsiya Migratsiya va boshpana siyosati vaziri Giorgos Kumutsakos.

Fransiya siyosiy boshpana arizasi rad etilgan migrantlarni o’z mamlakatlariga qaytarishda yordamini taklif etgan.

“Biz aviareyslar uyushtirishda yordam beramiz”, - deydi Fransiya ichki ishlar vaziri o’rinbosari Loren Nunyes.

G’arbiy Yevropaga yo’l olayotgan migrantlar, asosan, Turkiya hamda Gretsiyaning Turkiyaga yaqin bo’lgan uch oroli orqali qit’aga kiradi. Ular Afrika, Yaqin Sharq, Markaziy Osiyo mamlakatlaridan. Biroq Yevropa davlatlari chegaralarini qulflab olgach, migrantlar Gretsiyadan nariga o’ta olmayapti.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG