Breaking News

Minglab qochqinlar Gretsiyadagi lagerlarda sarson


2016-yil mobaynida yuz minglab odam Suriya va Iroqdagi urushlardan, qashshoqlikdan, terrorizmdan qochib Yevropaga yo'l oldi. Milliondan oshig'i Germaniyada va ozroq sonda qit'aning boshqa davlatlarida boshpana oldi.

Qochqinlar uchun asosiy tranzit o'lkalardan biri hisoblangan Gretsiyada ayni paytda 60 mingdan ziyod odam lagerlarda kun kechirmoqda. Aksariyati G'arbiy Yevropaga borishni orzu qiladi, biroq chegaralar yopiq.

Gretsiyaning Lesvos, Samos, Chios, Leros va Kos orollari muhojirlarga to'lib ketgan. Ularni boshpana, yegulik, suv va gigiyena vositalari bilan ta'minlashga qurbimiz yetmaydiz, deya bildiradi o'lka rasmiylari.

Eritreyalik Gebrekristos Tesfay Moria lagerida joylashganiga yaqinda uch oy to'ladi. Ayrimlar 2016-yilning martidan beri shu yerda, deydi u. O'shanda Turkiya va Yevropa Ittifoqi qochqinlarni ortga qaytarish bo'yicha kelishuv imzolagan.

"Go'yo qamoqdamiz, hech qayoqqa keta olmaymiz", - deydi Tesfay.

Noyabrda gaz pechi portlashi oqibatida ikki qochqin halok bo'lgan. Lagerda yashash sharoitidan, yetishmovchilikdan, zo'ravonlik muntazam ekanidan shikoyat qilishadi. "Nuqul kuting deyishadi. Kuting, kuting. Hammaning asabi buzuq", - deydi nigeriyalik Emmanuel Evemade.

Gretsiya hukumati 2017-yilda sharoitni yaxshilaymiz, deya va'dalar bermoqda. Yevropa Ittifoqi ham yordamni oshirishi kerak, deydi faollar. Hozircha olti ming migrant Gretsiyadan ko'chirilib, qo'shni mamlakatlarda joylashtirilgan. Yana 63300 odam navbat kutmoqda.

Yevropaning qochqinlarni boshpana bilan ta'minlash idorasi qo'shimcha xodimlar yollab, arizalarni ko'rib chiqish tezlashishini ma'lum qildi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG