Breaking News

Nikki Xeyli: AQSh Pokiston bilan yangicha ishlaydi


Nikki Xeyli Dehlida

AQShning BMTdagi elchisi Nikki Xeylining aytishicha, Qo’shma Shtatlar Pokistondan terrorchilarga boshpana berishni to’xtatishni so’rab qo’shimcha bosim qo’ymoqda.

Xeyli bu haqda Hindistonga tashrifi chog’ida so’zladi. Janubiy Karolinada hindistonlik muhojirlar oilasida tug’ilgan AQSh elchisi Bosh vazir Narendra Modi bilan uchrashib, Hindistonning tarixiy va madaniy joylarini borib ko’rdi.

Qo’shni Pokiston mavzusi Hindistonda dolzarb ekan, Xeyli AQShning bu mamlakat bilan aloqalariga to’xtaldi. Uning aytishicha, Tramp ma’muriyati Pokiston bilan aloqalarda yondashuvini o’zgartirmoqda.

“Yangi yondashuv oldingilaridan farq qiladi. Pokiston bizga hamkor va u bilan aloqalarni qadrlaymiz, ammo hukumati yoki boshqa davlat hukumatlarining terrorchilarga boshpana berishiga jim qarab turmaymiz. Pokistonga mana shu siyosatimizni o’ldingidan aniqroq qilib yetkazmoqchimiz”, - deydi u.

AQSh 2001-yildan beri Afg’onistonda harbiy amaliyotlar olib borar ekan, Pokistonning bu masalada hamkorligi muhimdir. Qo’shma Shtatlarga ko’ra, terrorchilar Pokistondan turib, qo’shni Afg’onistonda xurujlar uyushtirmoqda va Islomobod ularga qarshi chora ko’rmayapti. Pokiston hukumati terrorchilar bilan tili bir ekani haqidagi da’volarni inkor etib, Tolibonga ta’siri bo’rttirib ko’rsatilayotganini aytadi.

Xeyliga ko’ra, yaqinda AQSh va Hindiston yuqori darajali strategik muloqot boshlaydi. Qo’shma Shtatlar Hindistonni Rossiyadan harbiy texnika sotib olmaslikka undamoqda.

Moliyaviy qalloblikka qarshi kurashuvchi Moliyaviy harakat operativ gruppasi (Financial Action Task Force - FATF) tashkiloti Pokistonni terrorni moliyalovchi guruhlarni nazorat qilish ro'yxatiga qo'shdi.

Islomobod uch yil oldin bu ro'yxatdan chiqarilgan edi. Xalqaro tashkilot bu bilan Pokiston hukumatini Tolibonga moliyaviy yordamni to'xtatishga undamoqchi. Agar siyosat o'zgarmasa, deydi tashkilot vakillari, Pokiston FATF qora ro'yxatiga tushishi mumkin.

25-iyul kuni Pokistonda parlament saylovlari bo'lib o'tadi. Moliyaviy qiyinchiliklarni boshdan kechirayotgan mamlakat FATF qora ro'yxatiga kiritilsa, moliyaviy tashkilotlardan kredit olishi qiyinlashadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG