Breaking News

Gonkongda Tyananmen fojeasi haqida muzey ochildi


Tyananmen fojeasi haqidagi ilk muzey
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:04 0:00

Tyananmen fojeasi haqidagi ilk muzey

Gonkongda 1989-yil Xitoyning Tyananmen maydonida sodir bo’lgan fojeaga bag’ishlangan doimiy muzey ochildi. Tashkilotchilarning aytishicha, bugungi Xitoy yoshlari 25 yil oldin ro’y bergan voqea haqida ko’proq ma’lumotga ega bo’lishi kerak. Ular Pekinni yaqin tarixidan saboq chiqarishga undamoqda.
Gonkongdagi yangi ko’rgazma 25 yil oldin Xitoy hukumati buyrug’i bilan bostirilgan talabalar namoyishi haqidagi dunyoning ilk muzeyi.

Ushbu qonli hodisa tafsilotlari haqida gapirish Xitoyda taqiqlangan bo’lsa-da, Gonkong rasmiylari uzoq yillardan beri Pekin hukumatini 1989-yil 4-iyun kuni ro’y bergan fojea haqida to’liq ma’lumot berishga undab keladi.

Xitoydagi demokratik va vatanparvar harakatlarni qo’llab-quvvatlash Gonkong ittifoqi rahbari Li Chok-Yanning aytishicha, yetarli ma’lumotning yo’qligi bois yoshlar g’aflatda qolgan.

“Tyananmenda nima bo’lgani haqida yoshlar aniq tasavvurga ega emas. Ular 4-iyun voqeasini o’rganish uchun bu yerga kelishlari kerak. Bu bilimni va talabalar harakati ruhini Xitoyga ham olib borib, demokratiya uchun kurashishadi, deb umid qilaman”, - deydi faol.

75 kvadrat metrdan iborat muzey Gonkongning sayyohlar tumanidagi ofislar binosining 5-qavatida joylashgan.

Bu yerda fojeaga qadar yuz bergan hodisalar xronologik tartibda ko’rgazmaga qo’yilgan.

O’sha paytda Gonkong talabalar assotsiatsiyasi bir necha oydan beri korrupsiyaga qarshi kurash boshlashni va siyosiy islohot o’tkazishni talab qilayotgan talabalar namoyishini qo’llab-quvvatlash uchun o’z vakili Chen Sinxuani Pekinga yuborgan edi.

3-iyun oqshomida men Tyananmen maydoni yaqinidagi tibbiy markazda edim, nimalar bo’lganini ko’rib ko’zlarimga ishonmaganman, deydi u.

“Soat 10:30 yoki 11 dan boshlab o’qdan yaralangan odamlarni olib kela boshlashdi. Ularning ayrimlari allaqachon o’lgan edi. Bu shunchalik kutilmaganda bo’ldiki, hech narsaga tayyor emas edik”, - deydi Chen.

O’lganlarning aniq soni hech qachon ommaga oshkor qilinmagan. Norasmiy ma’lumotlarga ko’ra, yuzlab, hatto minglab odam halok bo’lgani aytiladi.

Xitoy hukumati namoyishchilar davlat to’ntarishi o’tkazishga uringanini va o‘sha paytdagi siyosiy vaziyat shunday chora ko’rishga majbur qilganini aytadi.

Gonkonglik jurnalist Lyu Rushao ham o’shanda Pekinda edi. Iqtisodiy taraqqiyotning o’zi Xitoyni kuchli qila olmaydi, deydi jurnalist.

“4-iyun voqeasi xitoyliklar qalbida adabiy yara bo’lib qoladi. O’sha mudhish hodisadan kerakli saboq chiqarmasak, farovon va madaniyatli davlat qurish yo’lidagi xatti-harakatlarimiz hech qanday samara bermaydi”, - deydi u.

Muzeyning ochilishiga qarshilar ham bo’ldi.

Muzey joylashgan bino ma’muriyati oy boshida uning ochilishiga qarshi ovoz berdi. Rasmiylarining Pekindagi rahbarlar bosimiga uchragani aytilmoqda.

Xitoy siyosatini qo’llab-quvvatlovchi bir guruh odamlar esa bino oldida namoyish o’tkazib, zo’ravonlik aslida talabalar tomonidan boshlanganini da’vo qildi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG