Breaking News

HRW: Siyosiy mahbus A'zam Farmonovning jazo muddati uzaytirilishi mumkin


Ozoda Yoqubova, Jasliqdagi qamoqda o'tirgan A'zam Farmonovning rafiqasi va bolalari
Ozoda Yoqubova, Jasliqdagi qamoqda o'tirgan A'zam Farmonovning rafiqasi va bolalari

Inson huquqlari bo'yicha xalqaro tashkilot "Human Rights Watch" (HRW) Qoraqalpog'istondagi Jasliq qamoqxonasida o'tirgan siyosiy mahbus taqdiriga e'tibor qaratib, 2006-yilda sudlangan bu shaxsning jazo muddati uzaytirilishi mumkin deya ogohlantirmoqda.

A'zam Farmonov shu yilning 29-aprel kuni ozodlikka chiqishi kerak. Biroq 6-aprel kuni uni boshqa joyga ko'chirishgan - tartibni buzganlikda ayblangan mahbuslar saqlanadigan joyga. HRW bergan ma'lumotlarga ko'ra, Farmonov hozirda Nukus shahrida saqlanmoqda.

"U boshdan kechirayotgan jarayon asossiz ravishda jazo muddatini uzaytirish harakatiga o'xshaydi, O'zbekistonda siyosiy mahbuslarga nisbatan doimo shunday strategiya qo'llaniladi", - deydi Stiv Sverdlov, HRW eksperti.

“10 yilga yaqin panjara ortida o'tirgan inson huquqlari himoyachisi hukmni o'tab bo'ldimi, demak, ozodlikka chiqishi kerak".

Farmonovning rafiqasi Ozoda Yoqubovaning aytishicha, 12-aprel kuni unga kelgan xabarga ko'ra, eri "qamoqdagi qoidalarni buzgani sabab yana uch yil o'tirishi mumkin va shu sabab boshqa joyga ko'chirilgan".

36 yoshli Farmonov Sirdaryo viloyatida Inson huquqlari jamiyati rahbari bo'lgan va o'z faoliyati davomida dehqonlar, fermerlar va nogironlar yuzlashayotgan muammolar bilan shug'ullangan, ularning huquqlarini himoya qilgan.

Yosh faol A'zam Farmonov Sirdaryoda dehqonlar va nogironlar huquqlarini himoya qilib tanilgan edi
Yosh faol A'zam Farmonov Sirdaryoda dehqonlar va nogironlar huquqlarini himoya qilib tanilgan edi

2006-yilning 29-aprelida u va safdoshi Alisher Karomatov tovlamachilikda ayblanib, sudlangan va to'qqiz yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Jarayonda u advokat bilan ta'minlanmagan va qiynoqqa solingani haqida ko'p marta axborot olingan.

Farmonovning oilasi uning ahvoli og'irligini aytib, mutasaddilarga bir necha bor murojaat qilgan, biroq samara bermagan. Mahbusning ikki farzandi bor.

HRW 2014-yilda chiqargan hisobotida yana boshqa ko'plab siyosiy mahbuslar ishini ko'rib chiqqan. Bu hujjat qiynoqlar, jazo muddati uzaytirilishi, qamoqxonalardagi vaziyat haqida ma'lumot beradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG