Breaking News

Silikon vodiysida muhojir ishbilarmonlar ko'paymoqda


Amerikaning texnologiya markazi bo'lgan Silikon vodiysi gullab-yashnashda davom etmoqda. Buning ortida esa ko'plab muhojir ishbilarmonlar turibdi. "Amerika Ovozi" yaqinda ikki internet startapi asoschilari bilan gaplashdi. Muhojirlar boshlagan bu bizneslar millionlab onlayn foydalanuvchilarga xizmat ko'rsatadi.

"Cloud of Goods" kompaniyasi 500 dollarlik birinchi daromadini ko'rganda, haqiqiy bayram bo'lgan edi. Kompaniya narsalarni ijaraga beruvchi sayt yuritadi.

"Uyimizda, garajlarimizda yoki shkaflarimizda yig'ilib qolgan ko'plab narsalar bor. Biz ularni boshqalarga berib, foydamiz tegishi mumkin", - deydi kompaniya rahbari Punsri Abeyvikrema.

Asli shri-lankalik ishbilarmonning aytishicha, ijara bozorining kelajagi porloq. Faqat oz-ozdan boshlash kerak.

"Hozircha chaqaloqlar narsasiga e'tibor qaratyapmiz. Xuddi "Amazon" kitoblardan boshlab, boshqa narsalarga o'tgandek", - deydi kompaniya asoschilaridan biri Steysi Tren.

10 xodimdan iborat jamoa maoshsiz ishlaydi. Ishni har hafta kechki ovqat ustida yuritishadi.

O'zaro almashiladigan oziq-ovqatdan tortib kamyob esdalik buyumlarigacha savdo qiladigan "Listia" firmasida esa hammasi boshqacha.

Unga ikki nafar xitoylik-amerikalik asos solgan.

"Hozir 9 million ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchimiz bor. Listiada 100 milliondan ortiq narsa sotildi", - deydi kompaniya rahbari Gi Chjuan.

Kompaniya bosh ofisida 18 odam ishlaydi. Tayvanda ham Osiyoda ishlash imkoniyatlarini o'rganayotgan kichik jamoa bor.

"O'zingizdan yaxshiroq, sizdan ko'proq biladigan odamlarni ishga olishingiz kerak. Shunda xohlagan narsangizni qura olasiz", - deydi Chjuan.

Foydalanuvchilar hissasi bilan ishlaydigan bunday saytlar hozir ko'payib bormoqda. Ulardan eng mashhuri - taksi kompaniyasi "Uber". Ammo bunday biznesni boshlash oson emas.

"Ularni boshlab olish juda qiyin. Ayrimlari tez o'sgan bo'lsa-da, buni amalga oshirish ko'p yillarni talab qilgan", - deydi tahlilchi Nil Gorenflo.

Malakali mutaxassislar bois San-Fransiskoda texnologiya biznesi gullab-yashnamoqda.

"Butun dunyodan bu yerga odamlar kelyapti. Turli xil tajriba, malaka va iqtidor birlashadi bu yerda. Muvaffaqiyatning garovi shu", - deydi Abeyvikrema.

Hammasi g'oya va qat'iy ahd bilan boshlanadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG