Breaking News

Immigrant talabalar AQShda qolishga haqlimiz deydi


AQSh Oliy sudi qaroriga ko’ra, noqonuniy immigrant maktabda bepul o’qishga haqli. Lekin kollej, universitetlar masalasi hamon ochiq qolmoqda.
AQSh Oliy sudi qaroriga ko’ra, noqonuniy immigrant maktabda bepul o’qishga haqli. Lekin kollej, universitetlar masalasi hamon ochiq qolmoqda.

AQSh qonunchilari yil oxirigacha immigratsion islohot dasturini ma’qullashi kutilmoqda. Hujjat o’n minglab yosh, noqonuniy muhojirlar uchun yashil chiroq rolini o’tashi mumkin.

Qonuniy maqom olish uchun ular avvalo o’qishga kirishi yoki armiyaga yollanishi kerak. Yosh muhojirlarni qo’llab-quvvatlash va o’qitishga doir hujjat yoki, ba’zilar Orzular haqidagi qonun deya yuritadi bu loyihani.


Iv Gomes Merilend shtatidagi universitetda talaba. Lekin tez kunda Amerikani tark etishi kerak bo’lsa, ajabmas.

“Kollejda o’qishni davom ettirish niyatim bor. Kelajakda tibbiy universitetga kirsam degandim”, - deydi u.

Gomes AQShda voyaga yetib, shu yerdagi kollej va universitetlarda ta’lim olayotgan o’n minglab noqonuniy muhojirlardan biri. Baholari yaxshi, lekin yaqinda vataniga qaytarib yuborilishi mumkin.

AQSh Oliy sudi qaroriga ko’ra, noqonuniy immigrant maktabda bepul o’qishga haqli. Lekin kollej, universitetlar masalasi hamon ochiq qolmoqda.

Federal qonun hanuz qabul qilimagan ekan, har bir shtat masalani o’zi bilganicha hal qilmoqda. Ba’zi shtatlar noqonuniy immigratsiya va og’ir iqtisodiy sharoitga qarshi chora sifatida bu yoshlar uchun universitet va kollejlar eshiklarini yopib qo’ygan.

AQShda yashayotgan 11 million noqonuniy muhojir orasida minglab yoshlar bor. 16 ga kirmay turib AQShga kelgan bu qiz-yigitlar shu yerni vatan deb biladi.
AQShda yashayotgan 11 million noqonuniy muhojir orasida minglab yoshlar bor. 16 ga kirmay turib AQShga kelgan bu qiz-yigitlar shu yerni vatan deb biladi.

Gomes Amerikaga chaqaloqligida ota-onasi bilan Hindistondan kelgan edi. “Otam ham, onam ham o’tgan yili deportatsiya qilindi”, - deydi u.

“Hindistonga qaytsam, hamma qilgan mehnatlarim zoye ketdi deyavering. Bu yerda shuncha o’qiganlarim nima bo’ladi endi?” – deb so’raydi talaba.

Taxminan 11 million noqonuniy muhojir yashovchi Qo’shma Shtatlarda immigratsiya nozik siyosiy masala. Muammoning bir tomoni shuki, bu odamlar orasida yuz minglab bolalar, o’smirlar bor. Yoshi 16 ga yetmay turib AQShga kelgan bu o’g’il-qizlarning hujjati yo’q.

Orzular to’g’risidagi hujjat ularga qonuniy maqom berishi mumkin. Buning uchun ular kollejda ikki yil o’qib qo’ygan bo’lishi yoki harbiy xizmatga qo’shilishi kerak.

Melani Shvarts Texas Universitetida o’qiydi. Qonunchilar muhokama qilayotgan hujjatga qarshiligini yashirmaydi.

“Mamlakatga noqonuniy yo’l bilan kirgan muhojirlar bir zumda fuqaro bo’lib qolar ekan. Xo’sh, tartib-qoidaga amal qilgan boshqa muhojirlarga nisbatan bu adolatdanmi?”

Jon Fir ham qonun loyihasini xushlamaydi. Vashingtonda Immigratsiya masalasi bo’yicha tadqiqot markazi ilmiy xodimi buning iqtisodiy ta’siridan xavotirda.

Orzular to’g’risidagi qonun loyihasi ilk bor 10 yil oldin olg’a surilgan. Shundan beri Kongress tasdig’idan o’tmay keladi.
Orzular to’g’risidagi qonun loyihasi ilk bor 10 yil oldin olg’a surilgan. Shundan beri Kongress tasdig’idan o’tmay keladi.

“Amerikada ishsizlik darajasi juda yuqori. Qonuniy muhojirlar ham talaygina ekanini bilasiz. Ular ish topa olmay yurgan bir sharoitda ortiqcha yukning kimga keragi bor?”, - deb so’raydi mutaxassis.

Ammo Orzular to’g’risidagi hujjat tarafdorlari nazarida malakali muhojirlar iqtisodiyotni yaxshilashga hissa qo’shadi. Kaliforniya Universiteti olimi Raul Xinoxosa ana shular sirasidan.

“Bu yoshlarni o’qitib, ularga anchagina sarmoya sarfladik. Ular Amerika iqtisodiyotini tiklashda yordam berishi mumkin. Trillionlab dollar daromaddan quruq qolishimiz hech gapmas. Ularni shu yerda qoldirish kerak”, - deydi olim.

Iv Gomesning maqsadi ham shu. Maktabni bitirib, vrach bo’lsam deydi. Qonun loyihasi rad etilsa, ko’p talaba yoshlarning umidi chilparchin bo’ladi, deydi u.

“Bolalar Garvard Universiteti, Kaliforniya Universiteti kabi eng sara maskanlarda tahsil olmoqda. Kelajagi bor ularning. Lekin bir parcha qog’ozni deb yoshlar boshqa davlatga, o’zi bilmagan yurtga deportatsiya qilinadi”, - deydi Gomes.

Lizet Kvinones Kolumbiyadan AQShga kelganida 10 yoshda edi. Oradan 14 yil o’tib, hozir universitetni tamomlayapti. Kompyuter grafikasi bo’yicha mutaxassis. Lekin noqonuniy muhojir ekani bois ish topishi qiyin bo’ladi.

“Bir haftadan ko’p vaqtga reja qila olmayman. Kelasi oy, hatto ertaga birdan hammasi o’zgarib ketishi mumkin. Balki qamab qo’yishar, balki Kolumbiyaga jo’natishar,” - deydi u.

Orzular to’g’risidagi qonun loyihasi ilk bor 10 yil oldin olg’a surilgan. Shundan beri Kongress tasdig’idan o’tmay keladi. Bu yil ham shu manzara takrorlanishi ehtimoldan xoli emas. Respublikachilar loyihaga yo’l bermaymiz, deydi. Iv Gomes kabi yoshlar hali ham umidvor. Maktabni tugatib, Amerika fuqarosi bo’lsam, deydi ular.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG