Hindistonda qish sovuq kelishiga qaramay, hukumat bilan yangi qonunlar bo’yicha kelisha olmayotgan o’n minglab dehqonlar surunkali namoyishlardan voz kechmoqchi emas.
Hindistonning Panjob, Haryana, Uttar Pradesh va Rajaston shtatlaridan kelgan fermerlar Dehli tevaragida to’planib, bir necha haftadan beri qishloq xo’jaligini isloh qilishga qaratilgan qonunlarning bekor qilinishini talab qilmoqda.
Namoyishchilar orasida yoshi ulug’ dehqonlar bor. Harorat 2-3 darajaga tushganiga qaramay, ular ham uyga qaytishni xayoliga keltirgani yo’q.
Bosh vazir Narendra Modi sentabrda e’lon qilgan qonunlarga ko’ra, qishloq xo’jaligida erkin savdo joriy etiladi. Shu kungacha mahsulotlarini davlat bozorlarida davlat belgilagan narxda sotayotgan dehqonlar nazoratning bekor qilinishi ko’plarining xonavayron bo’lishiga yetaklashini aytmoqda. Biroq Modi nazarida, islohotlar qishloq xo’jaligiga xususiy sarmoyalarni jalb etib, hosildorlikni oshirishga yordam beradi.
“Sovuq havodan qo’rqmaymiz. Modidan ham. Joyimizdan jilmaymiz. Qonunlar bekor qilinmaguncha kurashni davom ettiramiz”, - deydi Surminder Singx ismli dehqon.
Fermerlar chodirli lagerda turibdi. Noyabr oxiridan beri salkam 30 odamning nobud bo’lgani ma’lum, bir nechtasi muzlab o’lgan, 10 nafari namoyish bo’layotgan joy atrofida ro’y bergan yo’l hodisalarida.
Facebook Forum