Breaking News
Din

Hindular masjid o'rnida ibodatxona qurishga ruxsat oldi


Hindiston Oliy sudi yaqinda bir qaror chiqarib, mamlakat shimolidagi hindularga 16-asrda Bobur Mirzo buyrug’iga ko’ra qurilib, 1992-yilda millatchilar tomonidan buzib tashlangan masjid o’rniga ibodatxona qurishga ruxsat berdi. Hindularning da’vo qilishicha, Bobur masjidi qadimiy ibodatxona o’rnida qurilgan edi.

Xalqaro hayot - 22-noyabr, 2019-yil - Hindular masjid o'rnida ibodatxona qurishga ruxsat oldi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:18 0:00

Ba’zilar fikricha, Hindistonning hindu va ozchilikdagi musulmon aholisi o’rtasidagi uzoq tarixga ega tortishuvga shu tariqa barham berish mumkin, biroq boshqa tahlilchilar nazarida, sud qarori mahalliy musulmonlarning millatchi hukumat siyosati natijasida shakllangan xavotirlarini yanada kuchaytiradi.

Poytaxt Dehlida ko’plab musulmonlar yashaydi. Oliy sudning Ayodhya shahrida bir vaqtlar qad ko’targan masjid o’rnida hindu ibodatxonasini qurish qarori, ayrimlar nazarida, ko’p yillik munozaraga barham berishi mumkin. Ammo sud qaroridan norozilar ham talaygina.

“Buni qabul qildik. E’tirozdan nima foyda? Hokimiyat kimda bo’lsa, o’sha hal qiladi”, - deydi Rahmat Ali ismli ustaxona egasi.

“Hozir mamlakatda aynan shunday muhit hukmron. Musulmonlar o’zini bir oz kamsitilganday his qilaypti”, - deydi tadbirkor Muhammad Qayum.

Hindular Ayodhyada Rama xudosi tug’ilganiga ishonadi va ibodatxonaning aynan o’sha yerda qurilishi ezgu orzularining ushalishi demakdir.

Sud qarorida buzilgan masjid o’rniga boshqa yerda yangi masjid qurilishiga joy ajratilgan. Tarixiy masjidning vayron etilishi yuzasidan odil hukm kutgan musulmonlar adolatsizlik haqida gapirmoqda.

“Bu yana bir shakkoklikdir. Huquqlarimizdan ayirishyapti. Yaramizga tuz sepishyapti”, - deydi musulmon huquqshunos Kamol Faruqiy.

Eng bahsli munozarada har ikki tomonni qoniqtiradigan hukmni chiqarish oson emas.

“Dalillar, qonun, tarixiy va ijtimoiy vaziyat, siyosat va mamlakatdagi hozirgi ahvol hisobga olinganini nazarda tutsak, ancha vazmin qaror bu”, - deydi siyosiy sharhlovchi Nirja Choudxuri.

Bosh vazir Narendra Modi hindu millatchilar g’alabasini olqishlashdan o’zini tiyib, sud qarori na g’alaba, na mag’lubiyat ekanini aytdi.

“Yangi Hindistonda qo’rquv, g’azab, salbiylikka o’rin bo’lmasligi kerak”, - dedi u.

Ba’zilar uning bu bayonotiga ishonch bilan qarashga harakat qilarkan, hukumat iqtisodiy muammolarga urg’u berishini istaydi.

“Masjid va ibodatxona mavzusidagi musulmon-hindu tortishuvlaridan foyda yo’q endi. Odamlar kundalik hayotini idora qilishga qiynalayotgan bir paytda”, - deydi sayyohlik agentligi egasi Muhammad Nasim A’zam.

Musulmon yetakchilarning vazifasi shundan iboratki, Modining millatchi hukumatiga o’z siyosatida hindularni ustun qo’yishga, ya’ni “hindular birinchi” yoki “rashtra” deb nomlanuvchi siyosatni olg’a surishga imkon bermaslik.

“Biz hindu rashtra yoki millat emasmiz. Biz musulmon rashtra ham emasmiz. Biz dunyoviy rashtramiz. Demak, fundamental huquqlarimiz bor”, - deydi huquqshunos Kamol Faruqiy.

Hindiston musulmonlari hukumatni xavfsizlik va tenglik uchun sharoit yaratishga chaqirib keladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG