Breaking News

Hindistonning muvozanatli tashqi siyosati


Rossiya va Hindiston tashqi ishlar vazirlari
Rossiya va Hindiston tashqi ishlar vazirlari

G’arb davlatlarining bosimiga qaramay, Hindiston Ukraina mojarosida tarafkashlik qilishdan, Rossiyani qoralashdan bosh tortib kelmoqda. O’tgan oy Moskvaga borgan Hindiston tashqi ishlar vaziri Sovuq urush davridagi ittifoqchisi bilan hamkorlik kuchayishi haqida so’zladi.

Xalqaro hayot - 20-dekabr, 2022-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:35 0:00

“Rossiya biz uchun barqaror, zamon sinovidan o’tgan hamkor bo’lib keldi. Munosabatlarimizni qay tarzda xolisona baholamang, bu hamkorlik har ikki davlat uchun foydali bo’lganini ko’rsa bo’ladi”, - degan edi o’shanda Subrahmanyam Jayshankar.

Dehli G’arbning Rossiyaga qarshi sanksiyalariga qo’shilmadi va aksincha Rossiyadan chegirma bilan xom neft, ko’mir va o’g’itni ko’proq sotib olmoqda. BMTda ham Rossiyaning Ukrainadagi bosqinini qoralovchi rezolyutsiyalarga ovoz berishda betaraf bo’ldi.

Tahlilchilarning aytishicha, Rossiyadan tank, qiruvchi samolyot va boshqa harbiy anjomlarni sotib olayotgan Hindiston Moskvani yakkalatib qo’yishdan manfaatdor emas.

“Askarlaringiz Xitoy harbiylari bilan ro’baro’ bo’lib turgan bir paytda sizni qurol bilan ta’minlayotgan mamlakatga qarshi chiqish to’g’ri emas. Hindistonning Rossiya bilan mudofaa sohasidagi hamkorligi uni Rossiya bilan munosabatlarda pragmatik siyosat yuritishga undaydi”, - deydi dehlilik tahlilchi Xarsh Pant.

Biroq Rossiyaning Ukraina energetika infratuzilmasiga zarbalari va mojaroning kuchayishi Hindiston xavotiriga sabab bo’lmoqda. Sentabr oyida Samarqandda Shanxay hamkorlik tashkilotining sammitida Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga “hozir urush qiladigan payt emas” deb aytdi. Bundan tashqari, Rossiya va Hindiston rahbarlari o’rtasida har yili bo’ladigan uchrashuv bu gal o’tkazilmadi.

“Buni Rossiyaning harakatlariga ma’lum darajada salbiy munosabat deb ko’rsa bo’ladi. Ammo Dehli Moskvani ochiq qoralab chiqadi deb o’ylamayman. Hindiston nazarida, Ukraina mojarosiga bir nechta omil sabab va uni hal qilishning yolg’iz yo’li – siyosiy muloqot”, - deydi Pant.

Hindistonning Rossiya bo’yicha pozitsiyasi ba’zilar xavotir olganidek AQSh bilan aloqalariga putur yetkazmadi. Har ikki mamlakat Xitoyni tahdid deb bilarkan, aprel oyida ular strategik hamkorligini kuchaytirishga kelishib oldi.

“AQSh va Hindiston qurolli kuchlarining bugun barcha sohalarda hamda Hind va Tinch okeani bo’ylab birgalikda ishlashi va muvofiqlashtirishi uchun sharoit yaratyapmiz”, - degan edi AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostin.

O’tgan oy ikki mamlakat harbiylari Hindiston-Xitoy chegarasida qo’shma mashqlar o’tkazdi.

“Xitoyning davrimizning eng qudratli kuchlaridan biriga aylanayotgani Hindiston va AQShni birgalikda harakat qilish kerakligiga ishontirdi”, - deydi Xarsh Pant.

Dehlining ham G’arb, ham Rossiya bilan iliq aloqalari ayrim kuzatuvchilar nazarida unga Ukrainadagi mojaroga barham berishda konstruktiv rol o’ynashga imkon beradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG