Nyu-Yorkdagi talabalar uyi dunyoni aks ettiradi

  • Amerika Ovozi

Nyu-York

Nyu-Yorkka ilk bor kelib qolgan odam o’ziga xos shokka tushishi tabiiy. 100 dan ortiq mamlakatdan kelgan talabalar bir binoda yashaydi. Bir-birining dardiga malham, quvonchiga sherik.

Yosh mutaxassislar uchun AQShning eng yirik shahri bir tomondan jannat. Lekin bu yerda yashashning o’z sirlari bor, ularni bilmasangiz, qiynalasiz.

“Bu yer - Xalqaro uyimiz. Gavjum va shovqinli bu shaharda yakkalanib qolish mumkin”, - deydi nigeriyalik Adjibola Amzat, Kolumbiya universitetida jurnalistika sohasida bilim olayotgan yigit.

Amzat magistraturada. Agar boshqa chet ellik talabalarga yaqin yashamaganida, shu yotoqxonani topmaganida mashaqqatlarga bardosh bera olmagan bo’lar edi. Nyu-York bag’oyat qimmat.

“Nyu-York rahmsiz bir joy, ochig’i. Odamga to’la. Madaniy jihatdan boy. Hamma bor bu yerda. Lekin hamma o’z qobig’ida yashaydi”, - deydi Amzat.

Bu xalqaro yotoqxonada esa hamma bir-birini taniydi. Talabalar bir-biriga yaqin. Tanishmaslikdan boshqa iloj yo’q.

“Xonalar ataylab kichik holda qurilgan. Keng xonalar esa hamma uchun. Dars qilish, ovqatlanish, dam olish uchun umumiy zallar hamisha ochiq. Yoshlar shu tarzda bir-birini yaqindan biladi, bir-biriga tayanishga, ishonishga majbur bo’ladi”, - deydi Xezer Mangram, yotoqxona rahbarlaridan biri.

Yotoqxona Nyu-Yorkdagi barcha universitetlarning talabalariga ochiq. Madaniy tadbirlar tinmaydi. Turli fanlarni o’rganayotgan, rang-barang soha va yo’nalishlarning egalari uchrashadi bu yerda. Hech narsa sun’iy emas, deydi yoshlar, hamma bir-biri haqida tabiiy ravishda bila boshlaydi.

“Siyosiy mavzularda odatda til topishish u yoqda tursin, hatto fikr almashish yoki gaplashish qiyin. Ko’plab masalalarda ko’zim ochildi. Hech qachon bunday sinovlar bilan yuzlashaman deb o’ylamagan edim. Bilimim oshdi, dunyoqarashim kengaydi. Yangi do’stlar orttirdim. Ruhan uyg’onasiz va toqatliroq, chidamliroq bo’lasiz. Vijdon va irodani mustahkamlash uchun shunday muhit kerak odamga”, - deydi Lebogang Malar, talabalardan biri.

Turkmanistonlik talaba Oqmurod Tuyliyev bu yerda o’zini global shaxs sifatida his eta boshladi. O’rganganlarini tasvir orqali aks ettirmoqda.

“Mening yurtimda turli irq vakillarini uchratmaysiz. Amerikaga kelgunimcha qora tanli odam bilan yuzma-yuz kelmagan edim. Rossiya, Xitoy va boshqa mamlakatlardan kelgan yoshlar bilan yaqindan tanishib, birga yashash odamga ilhom beradi”, - deydi u.

Xalqaro yotoqxonada 700 dan oshiq talaba yashaydi. Kim bilan gaplashmang, do’stlik haqida yangicha tushunchaga ega ekanini aytadi. O’zaro ishonch va hurmatga ega bo’lish uchun ter to’kish kerak. Odamlar sizni osongina yoqtirib qolmaydi. Siz ham qo’l uzatishingiz kerak.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG