Yangi tashkilot xalqaro talabalarga kredit xizmatini ko'rsatmoqda

  • Amerika Ovozi

AQShda bir milliondan ortiq xalqaro talaba tahsil oladi. Ular oldidagi muammolardan biri kredit kartochka olishdagi qiyinchiliklar. Odatda, banklar kredit kartochka berishda arizachining kredit tarixini tekshiradi, ya’ni ilgari moliyaviy muammolarga yo’liqmaganmi, qarzlarni o’z vaqtida to’lay oladimi, shunga ishonch hosil qilishlari kerak. AQShga yangi kelgan xorijlik talabalarda esa bunday ma’lumotlar yo’q. Ammo bunday arizachilarning moliyaviy ahvolini tekshirishning yangicha usullari paydo bo’lmoqda.

Xitoylik Jek Guo o’qish uchun AQShga kelganidan so’ng nafaqat yangi til o’rgandi, balki bu yerda yashashning o’ziga xos usullarini ham kashf etdi. Xususan, kredit kartochka orqali pulni qanday sarflashni ham.

“Ko’plab do’stlarimda allaqachon kartochka bor. Bu yerda ishlash, malaka oshirish yoki karyera uchun qolishni xohlasangiz, yashash uchun uy-joy olishni, buning uchun qarz olishni istasangiz, kreditga ega bo’lish juda muhim”, - deydi u.

AQShda kredit kartochkalardan keng foydalaniladi. Ayniqsa, onlayn savdo kuchaygandan beri telefon va kredit kartochkaga ega har qanday odam internetdan narsa xarid qilishi mumkin.

Ammo xalqaro talabalar uchun AQShdan kartochka olish oson emas. Buning uchun, odatda, ijtimoiy xavfsizlik raqami hamda kredit tarixi kerak. Ko’plab xorijliklarda esa bu narsa yo’q.

“Bu tizim XX asrda, internet, smartfon, ijtimoiy tarmoqlar paydo bo’lishi oldidan joriy etilgan va eskirgan. Biz yangi tizim kashf etyapmiz”.

Hindistonlik sobiq talaba Kalpesh Kapadia xorijlik talabalarga kredit kartochka beruvchi “SelfScore” kompaniyasi asoschilaridan biri.

“Ular bu yerga kelguncha moliyaviy ahvollari yaxshiligini isbotlashi kerak bo’ladi. Kelganlaridan keyin esa moliyaviy tarixlari go’yoki g’oyib bo’ladi”, - deydi u.

“SelfScore” kompaniyasi shaxsning kredit darajasini aniqlashda turli omillarga qaraydi.

“Hammada smartfon bor. Hamma ijtimoiy tarmoq ishlatadi. Biz jamiyatdagi mana shunday filterlarni hisobga olamiz”, - deydi Kapadia.

Arizachi taqdim etadigan hujjatlar, o’qishga qabul qilingani haqidagi xat, pasport, viza va to’lash layoqati tekshiriladi. Kapadianing aytishicha, “SelfScore”ning 10 mingta mijozidan faqat bir foizdan ozrog’i qarzlarini to’lay olmasligi mumkin.

“Bular katta motivatsiyaga ega qatlam. 16 ming kilometr yo’l bosib, bu yerda ta’lim orqali hayotimni yaxshilayman deb kelgan odam, albatta, qattiq tirishadi”, - deydi Kapadia.

Oylik to’lovlarni o’z vaqtida to’lay olmaydigan 15-20 foiz odam 19 foiz qo’shimcha haq to’laydi. Qarzlarni o’z vaqtida to’lab borish kelajakda mashina yoki uy uchun kredit olishga yordam beradi.

“Foydalaridan biri kredit tarixiga ega bo’lish. Bankdan kredit olmoqchi bo’lsangiz, bu narsa juda muhim”, - deydi talaba Guo.

Shu paytgacha 66 davlatdan kelgan va 400 dan ortiq kollejda o’quvchi xorijlik talabalar “SelfScore” orqali AQShda kredit kartochka olgan

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG