Breaking News

Eron afg'on qochqinlarni Suriyaga jo'natmoqda


Eron bir necha ming hujjatsiz afg’onistonlik shia qochqinni Suriyaga, Livanning “Hizbulloh” guruhi hamda Eronning Inqilob gvardiyasi saflarida Prezident Bashar Assadga qarshi jang qilishga jo’natdi.

“Fatemiyon Brigadasi” - Suriya hududida Assad kuchlari bilan olishayotgan xorijliklarning eng katta guruhi. G’arb matbuoti hisob-kitobiga ko’ra, ular soni 10-12 ming atrofida bo’lishi mumkin.

“Human Rights Watch” inson huquqlari tashkilotining bildirishicha, ayrim afg’onlar buni istamagan. Eron rahbariyati esa ular o’z xohishi bilan Suriyaga borganini ta’kidlamoqda.

Inqilobiy gvardiya afg’onlarga Eron fuqaroligini, oila a’zolariga esa yordam va’da qilib, jangga qo’shilishga undamoqda.

“Eron afg’on qochqinlariga shunchaki Suriyada kurashish evaziga imtiyozlar va’da qilmagan, ularning ayrimlariga "aks holda Afg’onistonga qaytasizlar" qabilida tahdidlar qilingan”, - deydi “Human Rights Watch” tashilotidan Piter Bokart.

Afg’on qochqinlariga oyiga 400-600 dollar maosh to’lanmoqda, deydi Merilend universitetidan tadqiqotchi Filip Smit. Ayrimlari qamoqdan chiqarilib, to’g’ri Suriyaga jo’natilgan. Bosh tortganlarni esa qamalasan, deb qo’rqitishgan, deydi u.

Eronda qariyb uch million afg’on yashaydi. Aksariyati - vatandagi urushdan qochganlar. Ko’plari hujjatsiz. Qariyb 950 ming nafari qochqin maqomiga ega.

Suriyaga yuborilayotganlar asosan Qum va Mashhadda yashagan. Ayrim manbalarga ko’ra, Suriyada ular shialar uchun muqaddas Zaynab maqbarasini himoya qilmoqda.

Isyonchi qo’mondonlarga ko’ra, mamlakatning barcha qismlarida afg’onlarni ko’rish mumkin.

“Ular juda ko’p", - deydi Damashq sharqida joylashgan Islom armiyasi nomli muxolifat guruhidan Islom Allush. "Aksariyati Halabda. Damashq atrofida ham otryadlari bor. Tarafdorlari kamaygan sari hukumat afg’onlarga tayanmoqda”.

Eron matbuotiga ko’ra, bu mamlakatning Quds maxsus kuchlari qo’mondoni, general-mayor Qosim Sulaymoniy afg’onlarning Suriyadagi brigadasini bir necha marta borib ko’rgan, askarlar bilan suratga ham tushgan.

Afg’onlar Livandagi "Hizbulloh" jangari guruhi lagerlarida mashq o’tkazadi, Suriyada ham ular bilan yelkama-yelka kurashmoqda, deydi Smit. Aksariyati Mashhad yoki Tehron yaqinida 7-10 kunlik tayyorgarlikdan o’tgan.

Suriyada jang qilayotgan afg’onlar orasida talafotlar ham ko’paymoqda.

Vashingtondan mintaqashunos Ali Alfona deydiki, 2012-yil sentabridan buyon Suriyada 200 dan ziyod afg’on jangarisi o’ldirilgan.

“Ular bir necha yuz dollar deb qurbon bo’lyapti”, - deydi mashhadlik fotosuratchi Mujtabo Jaloliy.

Suriyada jang qilayotgan afg’onlarning Erondagi oila a’zolariga yordam puli beriladi.

“Afg’on qochqinlari uchun bu yangi hayotga qadam qo’yish imkoniyati, agar urushdan tirik qaytsa, albatta”, - deydi Suriyada akasini yo’qotgan, hozirda Tehronda yashayotgan afg’onistonlik.

“Akam oilasi uchun jonini berdi. Onamning yuragi kasal. Endi dori-darmon oladi. Boshqalarga Eron hujjatlari berildi,” - deydi u.

Biroq “Human Rights Watch” tashkilotiga ko’ra, yordam puli va boshqa imtiyozlar hammaga ham berilavermaydi.

Afg’oniston hukumati afg’onlarning Suriyada jang qilayotgani haqidagi xabarlarni tekshirmoqda.

Parlament a'zosi, shia Qayum Sajjadiy mamlakatdagi og’ir ijtimoiy-iqtisodiy ahvol qochqinlarni mintaqaviy urushga aralashishga majbur qilmoqda, deydi.

“Erondagi yoshlarimiz Suriyaga borib, qurbon bo’lyapti yoki qo’lga tushyapti”, - deydi Afg’onistonning Kunar viloyati rasmiysi Jamoliddin Sayyor.

“Human Rights Watch” tashkiloti Eron rahbariyatidan afg’onlarni Suriyaga yuborishni to’xtatishni talab qilmoqda.

“Eron afg’on qochqinlarini himoya qilishi lozim, Assadga qarshi kurashishga majburlamasligi kerak”, - deydi Bokart.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG