Breaking News

Eronda parlament saylovlari bo’lib o’tdi


1-mart kuni Eronda parlament saylovlari bo’lib o’tdi. Hukumat siyosatiga qarshi faollar xorijdan turib fuqarolarni saylovni boykot qilishga chaqirgan. Hukumatga moyil konservativ partiyalarga a’zo bo’lmagan ko’plab nomzodlar jarayondan chetlashtirilgan.

Xalqaro hayot - 1-mart, 2024-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:11:28 0:00

Kuzatuvchilar saylovchilar faolligi o’ta sust bo’lishini bashorat qilgan.

“Tuzum tanqidchilari biror ma’noli o’zgarishlarga olib kelmaydigan yoki fikrlar xilma-xilligiga ruxsat bermaydigan jarayonda qatnashishdan foyda yo’qligini aytgan. Tuzum saylovda fuqarolar faolligini o’zining qonuniyligining ko’rsatkichi deb ko’rar ekan, saylovni boykot qilish uni bunday da’vodan ayirgan bo’lardi”, - deydi Xalqaro inqirozlar guruhidan Naysan Rafati.

2016-yil parlament saylovida Eronda saylovchilarning 62 foizi, 2020-yilda esa 42,5 foizi qatnashgan. Bu gal ham faollik past bo’lishi aytilmoqda. Rasmiy so’rovlarga ko’ra 41 foiz atrofida.

Nomzodlar 290 ta o’rindan iborat parlamentga va oliy diniy raisni tanlovchi 88 kishilik Ekspertlar kengashiga kirish uchun bellashdi. Hozirgi rais Oyatulloh Ali Xomeneiy 85 yoshga yaqinlashmoqda.

“O’z nomidan bilinib turibdiki, oliy rais mamlakatning ichki va tashqi siyosatiga katta ta’sir kuchiga ega, o’ziga yarasha asosiy hakam, prezident, parlament va milliy xavfsizlik kengashi qarorlarini o’zgartira oladigan shaxsdir”, - deydi Rafati.

Islohotchi nomzodlar saylovdan chetlatilgani bois Eronning keyingi oliy raisi hukumatning konservativ siyosatini davom ettirishi kutilmoqda.

Saylovchilarni nafaqat siyosiy erkinliklar, balki iqtisodiy vaziyat ham tashvishga solmoqda.

“2023-yilda eronliklarning atigi 15 foizi o’z sohasi bo’yicha ish topa olishi mumkinligini, 80 foizi esa ish topishda qiynalganini aytgan. Ijtimoiy so’rovda qatnashganlarning 61 foizi hozirgi daromadi bilan oilani tebratishda qiynalayotganini yoki juda qiynalayotganini aytgan”, - deydi “Gallup” sotsiologik markazidan Benedikt Vayjers.

Unga ko’ra, so’nggi yillarda Eronda inflyatsiya 40 foiz atrofida bo’lgan, yoshlar chet elga chiqib ketmoqchi ekanini bildirmoqda.

Bundan bir kun oldin AQSh Davlat departamentining so’zlovchisi Mettyu Miller Eronda saylovlar ochiq va erkin bo’lmaydi deya bayonot qildi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG