Breaking News

Eron uranni xorijga jo’natish loyihasini BMTga taqdim etdi


Eron hukumati boyitilgan uranning bir qismini xorijga yuborish loyihasini Atom energiyasi bo’yicha xalqaro agentlikka taqdim etgan.

Turkiya va Braziliya vositachiligida yaqinda erishilgan bitimga ko’ra, Eron qo’lidagi kam boyitilgan uranning qariyb yarmi, ya’ni 1200 kilogrammini Turkiyaga jo’natadi, o’rniga esa Tehrondagi tibbiy izlanish reaktori uchun yuqori boyitilgan atom yonilg’isi bilan ta’minlanadi.

Eronning davlat axborot agentligiga ko’ra, ushbu bitim rasmiy Tehronning xalqaro jamoatchilik bilan hamkorligi boshlanganidan dalolat. Atom energiyasi bo’yicha xalqaro boshqarma rasmiy Tehron xatini muhokama uchun tegishli mamlakatlarga yo’llagan.

“Eron atom quroli ishlab chiqmoqda” deya bong urayotgan yirik davlatlar taklifga shubha bilan qarashgan edi. Jumladan, AQSh diplomatlari nazarida bu taklif Eronning atom dasturiga doir ziddiyatlarini batomom hal qilmaydi va qo’shimcha sanksiya borasidagi tashabbuslar kun tartibida qoladi.

AQSh hukumati Eronga qarshi kuchliroq sanksiyalarni o’z ichiga olgan yangi rezolyutsiya loyihasini BMT Xavfsizlik Kengashiga taqdim etgan. Kengashning besh doimiy a’zosi, jumladan Eronga nisbatan yangi sanksiyalar tashabbusiga qarshi bo’lgan Xitoy va Rossiya ham, o’tgan hafta umumiy bir pozitsiyaga kelgan edi.

Bu orada “Vashington Post” gazetasidagi maqolaga ko’ra, AQSh hukumati Turkiyaning Eron masalasiga aralashayotganidan uncha mamnun emas. BMT Xavfsizlik Kengashiga a’zo Turkiya Eronni nishonga oluvchi rezolyutsiyaga qarshi chiqsa, Anqara-Vashington aloqalariga putur yetishi mumkin.

AQSh prezidenti Barak Obama o’tgan hafta Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyyib Erdog’an bilan telefon orqali muloqot qilgan. Obama Turkiyaning vositachilik harakatlarini olqishlab, Eron xalqaro majburiyatlariga to’liq rioya qilmagani uchun Qo’shma Shtatlar uni sanksiya bilan siylash talabidan qaytmaganini aytgan.

“Turkiya AQSh tashqi siyosatiga aralashib, rivojlanayotgan mamlakatlar orasida obro’ qozongan bo’lishi mumkin, ammo bu Vashington munosabatlariga zarar qiladi”, deydi amerikalik mutaxassis Xenri Barki. Turkiya nazarida yaqinda erishilgan bitim AQSh va BMTdagi ittifoqdoshlar tashabbuslarini to’xtatishga qaratilmagan. Shartnoma Eronni muzokara stoliga olib kelishi mumkin, deydi rasmiy Anqara.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG