Eron sobiq prezidenti Mahmud Ahmadinejod iyunda bo’ladigan prezident saylovlarida qatnashmoqchi. U bugun nomzod sifatida ro’yxatdan o’tgan. Ahmadinejod 2013-yilgi saylovlarni amaldagi rahbar Hasan Ruhoniyga boy bergan edi.
Ikki muddat prezidentlik qilgan Ruhoniy saylovda ortiq qatnasha olmaydi.
Nomzodlarni ro’yxatga olish 5 kun davom etadi, so’ng 12 kishilik Posbonlar kengashi ularning diniy va siyosiy qarashlarini o’rganib chiqib, noloyiq deb topilganlarni poygadan chiqaradi. Kengash a’zolarining olti nafarini Oliy diniy rais Oyatulla Ali Xomeneiy tayinlaydi.
Ahmadinejod 2017-yil saylovida qatnashishga harakat qilgan, biroq ungacha diniy rais bilan munosabatlari sovuqlashib, Posbonlar kengashi uning nomzodini bekor qilgan edi.
2018-yilda Xomeneiyga ochiq xatida sobiq prezident ijroiya, qonunchilik va adliya hokimiyatlari hamda Oliy diniy rais idorasini isloh qilishga chaqirgan edi.
Ahmadinejod saylovda iqtisodiy qiyinchiliklardan charchagan oddiy xalq qo’llab-quvvatloviga umid qilmoqda. Konservativ siyosatchilar taniqli din arbobi va adliya raisi Ibrohim Raisiyni prezident sifatida ko’rmoqchi, biroq Raisiy saylovda qatnashish uchun hozircha ariza bermagan.
Raisiy poygaga qo’shilsa, saylovda ovozlar bo’linib qolishining oldini olish uchun ro’yxatdan o’tgan bir nechta konservativ arbob nomzodini olib tashlashini ma’lum qildi.
Eronda ba’zilar Raisiyni Xomeneiyga voris sifatida ko’rmoqda.
Facebook Forum