Qo’shma Shtatlar Eron bilan imzolangan xalqaro yadroviy bitimdan chiqdi. Davlat kotibi Mayk Pompeo Eronga 12 ta shart qo’yib, bitimni yangilashga chaqirmoqda.
Prezident Donald Tramp bitimni bekor qilganiga salkam uch hafta bo’ldi, Oq uy yangi strategiya ustida ishlamoqda.
“Eron rahbariyatidan ko’p narsa so’rayotganimiz yo’q. Shunchaki, oddiy rahbarlarga o’xshab tutishsin o’zlarini. Suriya, Yaman, Iroq, Livandagi sarguzashtlarga xalq pulini sarflashmasin. Xalqqa bosh bo’lishsin, mamlakatni yuksaltirishsin, buning uchun mavjud resurslardan foydalanishsin”, - deydi Pompeo.
Davlat departamentida siyosiy qarorlar bo’limi rahbari Brayan Xukning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, Tehron bu shartlarni qabul qilmasa, Eron bilan ish qilayotgan kompaniyalar nishonga olinadi.
“Bitimga erishishni istaymiz. Ikki tomonlama aloqalarda o’zgarish qilishning turli yo’llari bor. Oldingi rahbariyatdan Eron yadroviy shartnomasi meros bo’lib qoldi bizga, ammo buni shartnoma deb atab ham bo’lmaydi. Bu harakat dasturidir. Unda hatto imzolar yo’q”, - deydi rasmiy.
Biroq ba’zi tahlilchilar nazarida, yangi yondashuvdan natija chiqishi qiyin bo’ladi, agar yevropalik ittifoqchilar va mintaqadagi boshqa hamkorlar uni qo’llab-quvvatlamasa.
“Buni bir harakatda amalga oshirish o’ta qiyin bo’ladi. Yevropaliklar buni yaxshi tushunadi, shuning uchun amaldagi bitimdan chiqmaydi, uni mukammalashtirishga harakat qiladi”, - deydi Jorjtaun universitetidan Arian Tabatabay.
Boshqa ekspertlar fikricha, Eron rahbarlari mas’uliyatliroq bo’lishi uchun yil boshida hukumatga qarshi namoyish qilgan xalq bilan muloqotni yaxshilash zarur.
“Eron xalqi o’z manfaatlarini o’zi himoya qila oladi. Hukumatning xorijdagi amaliyotlariga qarshi namoyish qilib, ko’chalarga chiqgan odamlar kimni ayblashni yaxshi biladi”, - deydi Demokratiya himoyasi jamg’armasidan Behnam Ben Taleblu.
Tramp ma’muriyatining Eronga qarshi so’nggi sanksiyalari islomiy respublikaning oliy diniy raisiga aloqador shaxslar va guruhlarni nishonga oladi.
Facebook Forum