Breaking News

Eron yadroviy bitimdagi ba'zi majburiyatlariga rioya qilmaslikka qaror qildi


AQSh va Britaniya tashqi ishlar vazirlari Londonda

Qo’shma Shtatlar Eron bilan 2015-yilda imzolangan xalqaro yadroviy bitimdan chiqqanidan bir yil o’tib bu mamlakat metallurgiya sohasiga sanksiyalar joriy etmoqda.

Ikki mamlakat aloqalari taranglashar ekan, islomiy respublika AQShni dushmanona harakatlarda ayblab, xalqaro bitimda man qilingan ayrim faoliyatni jonlantirishga, majburiyatlaridan voz kechishga qaror qildi.

Tehron AQSh mintaqaga harbiy floti va aviatsiyasini yo’llash qarorini o’ziga tahdid deb, shunday qarorga kelganini ma’lum qilmoqda.

Eron Prezidenti Hasan Ruhoniy bitimning ayrim bandlariga rioya qilmasligini bildirishi ketidan Tramp ma’muriyati Eronning temir, alyuminiy, po’lat va misdan tayyorlangan mahsulotlari eksportiga yangi sanksiya e’lon qildi. Vashington nazarida, Erondan taralayotgan tahdid uni bunday harakatlarga majbur qildi.

AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo Eron bayonotiga munosabat bildirishdan oldin Tehron amalda qanday ish tutishini avval ko’raylik, demoqda.

Britaniya Tashqi ishlar vaziri Jeremi Xantning aytishicha, yadroviy kelishuv muhim yutuq bo’lgan va Eron uni buzmasligi kerak.

“Erondan shartnomani buzishdan oldin yaxshilab o’ylashni so’rayapmiz. Bundan hech kim naf ko’rmaydi. Jumladan Eron ham. Eron yadro qurolini qo’lga kiritishi bilan qo’shni davlatlar ham shunga intiladi”, - deydi u.

AQShning Eron bo’yicha maxsus vakili Brayan Xukning aytishicha, agar Eron rahbarlari siyosatini o’zgartirsa, Qo’shma Shtatlar u bilan yangi shartnoma imzolashga tayyor.

“Tehrondagi diniy ulamo qo’shni davlatlar suverenitetini hurmat qilsa, xalqaro bitimlar va majburiyatlariga rioya qilsa, AQSh u bilan muloqot qilishga tayyor”, - dedi rasmiy.

Rossiya Qo’shma Shtatlarni Eronni og’ir vaziyatga tushirayotganlikda ayblab, yadroviy bitimni imzolagan Yevropa davlatlarini majburiyatlaridan voz kechmaslikka chaqirdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG