12-may - Iroqda parlament saylovlari kuni. Vakillar kengashidagi 329 o’ringa salkam 7000 nomzod bellashmoqda. Kengash muhim siyosiy organ bo’lib, Iroq prezidenti va bosh vazirini saylaydi. Hukumat saylov kuni zo’ravonliklar ehtimolidan xavotirda. Mamlakat bo’ylab kuchli xavfsizlik choralari ko’rilmoqda.
“Islomiy davlat” jangari to’dasi mamlakatda yengilganiga qaramay, xurujlar ehtimoli hali ham mavjud, mamlakatdagi turli millat va mazhablar o’rtasida ahillik yo’q.
“Saylovdan qanday natija bo’ladi? Yangi noiblar kelishib, xavfsizlik bobidagi yutuqlarni siyosiy yutuqlarga aylantira oladimi? Iroqda xavfsizlik ta’minlanmoqda, endi siyosiy barqarorlikni ham ta’minlash zarur, chunki mamlakat siyosiy beqarorlikka yuz tutgan”, - deydi siyosiy tahlilchi Oqil Abbos.
Iroqda ko’pchilikni tashkil etuvchi shialar orasida ham ahillik yo’q. Masalan, Bosh vazir Haydar Abadiy va vitse-prezident Nuri Malikiy “Davo” partiyasiga mansub bo’lsa-da, ularni har xil guruhlar qo’llab-quvvatlaydi. Malikiy Eron bilan, Abadiy esa AQSh bilan ishlashni afzal ko’radi.
Eronga xayrixoh Xalq mobilizatsiya qismlarining rahbari Hadi Amiriy shia, ammo Abadiy va Malikiyga raqib. Uning jangchilari “Islomiy davlat”ga qarshi kurashda muhim rol o’ynagan, shialarning qurolli guruhlari uni qo’llab-quvvatlaydi.
Sunniylar ham inoq emas. Salim Juboriy va Osama Nujaifiy turli firqalarga mansub, o’zaro raqobatda.
“Islomiy davlat” va shia jangarilaridan qo’rqib qochgan odamlar hozircha uylariga qaytishga tayyor emas, saylov kuni qochqinlar lagerlarida ovoz berishadi. Shimoldagi kurd siyosiy partiyalari saylovda bir front bo’lib emas, alohida qatnashmoqchi.
“Millatchilik, mazhabparastlikdan charchadik”, - deydi fuqarolardan biri.
“Islomiy davlat” jihodchi to’dasiga qarshi yelkama-yelka jang qilgan iroqliklar saylovdan so’ng ham mamlakat ravnaqi va barqarorligi yo’lida birga mehnat qilarmikan? Siyosiy kuzatuvchilar nazarida, 12-may kuni parlamentga kim kelishidan qat’i nazar siyosiy tarqoqlikka barham berilmaydi.
Facebook Forum