Breaking News

Iroq Kurdistoni jiddiy iqtisodiy inqirozda


Bir paytlar Iroq Kurdistoni poytaxti Irbilda farovonlik davri hukm surgan. 2013-yil
Bir paytlar Iroq Kurdistoni poytaxti Irbilda farovonlik davri hukm surgan. 2013-yil

Iroq Kurdistoni jiddiy iqtisodiy inqirozga yuz tutgan. Mintaqaviy hukumat Bosh vaziri Nechirvan Barzaniyning ta’kidlashicha, sabablar asosan tashqi omillar bilan bog’liq.

“2014-yilda biz bilan maslahat qilmay Bag’doddagi markaziy hukumat byudjetimizni qisqartirdi”, - deydi Barzaniy “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.

Bag’doddagi rahbarlarga ko’ra, Kurdiston neft sotib, daromadni o’zlashtirgani uchun ham byudjet kesilgan. Kurdlar byudjet kamomadini qoplash uchun neftni pullaganini aytadi. Nizo haligacha hal bo’lmagan.

Nechirvan Barzaniy iqtisodiy taqchillikka olib kelgan sabablar qatorida “Islomiy davlat” to’dasiga qarshi urush hamda Kurdistonga 1,5 million qochqin yopirilib kelganini ham qayd etadi.

Bu voqealar hamda neft bahosi tushib ketgani mintaqaviy hukumatni Jahon banki, Xalqaro valyuta jamg’armasi hamda AQShdan yordam so’rashga majbur qildi.

Jahon bankining xulosasiga ko’ra, “Islomiy davlat” bilan urush oqibatida Kurdiston mintaqasi infratuzilmasiga katta zarar yetgan, qashshoqlik darajasi ikki baravar oshgan.

AQSh va BMT millionlab qochqinlarga gumanitar yordam ajratmoqda. Bundan tashqari, Vashington Iroq kurdlarining peshmerga qo’shinlariga jihodchilarga qarshi kurash uchun 415 million dollar ajratdi.

Biroq muammolar ildizi chuqurroq. Mintaqa neftga qaram, daromadning 85 foizi aynan “qora oltin”dan olinadi. Ammo neft sanoatida ishlaydiganlar jami ishchi kuchining bor-yo’g’i bir foiziga teng.

Kurdiston, shuningdek, import mahsulotlariga qaram, moliyaviy tizimi zaif, xususiy sektor kichraymoqda, iqtisod asosan naqd pul bilan ishlaydi. Irbilda joylashgan Yaqin Sharq tadqiqotlar instituti hisobiga ko’ra, Kurdiston Mintaqaviy hukumati 17 milliard dollar qarzga botgan, xalqaro neft kompaniyalariga to’lashga qiynalmoqda. Buning oqibatida kompaniyalar mintaqaga sarmoya kiritish masalasini qayta ko’rib chiqdi, hukumatni esa sudga berdi.

Londondagi Xalqaro arbitraj sudi qaroriga ko’ra, Kurdiston hukumati “Dana Gas” konsortsiumiga 2 milliard dollar to’lashi kerak. “Crescent Petroleum” va “Dana Gas” kompaniyalari Kurdiston hukumatidan sud orqali yana 11 milliard dollar talab qilmoqda. Bu mintaqaning kelasi yilgi byudjeti bilan baravar. Demak, sarmoya hajmi keskin kamayishi mumkin.

Iqtisodiy inqiroz alomatlari ayon: qurib bitkazilmagan binolar, ishdan to’xtagan kranlar, bo’sh xonadonlar… ko’chmas mulk narxlari pasaymoqda. Elektr toki va suv ta’minoti ishdan chiqqan, maoshlar to’lanmaydi.

Iroq rahbari Saddam Hussayn 2003-yilda hokimiyatdan ag’darilganidan keyin Kurdistonga katta miqdorda kapital oqib kelgan edi, deydi hukumat maslahatchisi Dara Xaylaniy. Qariyb 10 yil davomida farovonlik va o’sish kuzatildi.

Afsuski, tabdirkorlar mablag’dan to’g’ri foydalana olmadi, iqtisodga sarmoya yotqizmadi, infratuzilmani tiklamadi, bank sektorini barpo etish haqida o’ylamadi, deydi u.

Buning o’rniga hashamatli mehmonxona va xonadonlar qurildi, odamlar qimmatbaho avtomobil va boshqa moddiy narsalarga ruju qo’ydi.

“Xuddi bir oila lotereyada katta pul yutib, uni qanday sarflashni rejalamagandek gap. Vaqt o’tgach pul tugadi, hamma katta xarajat qilishga o’rganib qolgan, lekin daromad yo’q”, - deydi Xaylaniy Kurdistondagi ahvolga qiyoslab.

Nepotizm, tanish-bilishchilik va zaif boshqaruv korrupsiyaga yetakladi, deya xulosa qiladi Norvegiyada joylashgan “U4” aksil-korrupsiya resurs markazi.

Kurdiston mintaqaviy hukumati bosh iqtisodchisi Jeyms Parks fikricha, asosiy muammo – neft daromadini sarmoya qilish o’rniga boshqa xarajatlarni qoplash uchun sarflanishida.

Maoshlar va elektr energiyasi uchun to’lovlar – dunyo bo’ylab eng baland ko’rsatkichlardan: yiliga 10 milliard dollar atrofida, ya’ni Kurdiston mintaqasi yalpi ichki mahsulotining 40 foiziga teng.

Davlat muassasalarida ish kuchining 51 foizi ishlaydi.

Professor Frank Gunter Kurdistondagi iqtisodiy vaziyat yaqin orada o’zgarmaydi, degan fikrda. Kurdiston rahbariyati moliyaviy va iqtisodiy vaziyatni o’nglab, xususiy sektorni jonlantirmoqchi.

Hatto millionlab qochqinlar va eng dahshatli terror tashkiloti kabi tahdidlar bilan yuzlashmaganida ham Kurdiston muammolarini hal qilish nihoyatda qiyin bo’lardi.

Biroq agar bu hudud iqtisodiy tanazzuldan chiqishni xohlasa, zudlik bilan choralar ko’rilishi kerak, deydi bir ovozdan tahlilchilar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG