Assaddan qutulish vaqti keldi, deydi Iroqning shia peshvosi

  • Amerika Ovozi

Muqtada al-Sadr, Iroqning eng nufuzli shia yetakchilaridan biri, o'z qurolli kuchlariga ega

Suriyada tinchlikka erishish uchun Bashar al-Assad prezidentlikdan ketishi kerak, boshqa yo' yo'q, deydi Iroqning ko'zga ko'ringan shia ulamolaridan biri Muqtada al-Sadr. U o'z qurolli kuchlariga ega dindor va siyosatchi.

"Aks holda qonli urush to'xtamaydi. Terroristlar ham yer tishlamaydi. Assadning maqsadi tinchlikmi, demak, u hokimiyatni tark etsin", - deydi Sadr.

Suriyada prezident aholiga nisbatan kimyoviy qurollar qo'llagani sabab Amerika Hims viloyatidagi aerodromni havodan nishonga oldi. Oq uyning maqsadi Assadning harbiy kuchini zaiflashtirish. Vashington ham uning prezidentlikdan ketishini talab qilib keladi.

Suriyadagi urushga bosh qo'shgan davlatlar o'z qo'shinlarini olib chiqishi shart, deydi Sadr. Rossiya va AQSh ham bu mojaroga ortiq aralashmasin, deydi u.

“Suriya xalqi o'z kelajagini hal qilsin, aks holda bu mamlakat terrorizm va xorijiy ta'sir ostida barbod bo'ladi, qayta tiklanmaydi", - deydi Sadr.

Suriya rahbari Bashar al-Assadni shia olami azaldan quvvatlab keladi lekin bugunga kelib, unga ishonch va hurmat pasaygan
Suriya rahbari Bashar al-Assadni shia olami azaldan quvvatlab keladi lekin bugunga kelib, unga ishonch va hurmat pasaygan

Sadr Eron bilan apoq-chapoq. Tehron esa Assadni quvvatlab kelmoqda. Shia bloki vujudga kelgan.

Iroqdagi nufuzli ulamoning Assadni qoralashi nimadan darak?

Sadr azaldan gapning po'skallasini aytadigan arbob, deydi uning faoliyati bilan tanish ekspertlar. Peshvo Assadni qoralab, Eronga ham "ko'zingizni oching" demoqda.

Amerika va Yevropa Ittifoqi nazarida Suriyada yangicha hukumat tuzilmasa, barqarorlik tomon qadam tashlanmaydi. Assadga zarracha ishonch qolmagan, deydi diplomatlar, uni zamonning eng qonxo'r va vijdonsiz rahbari deya ta'riflar ekan. Olti yildirki, Assad o'z xalqini nishonga olmoqda. Odamlarning aybi unga qarshi chiqqanidir. Millionlab odamlar boshpanasiz, qochqin. Minglab insonlarning yostig'i qurigan.

Tahlilchi Umar al-Nidaviy:

“Sadrning Assad ketsin degan talabni qo'yishi shia blokiga darz ketganidan dalolat. Shia ahli nima bo'layotganini ko'rib turibdi. Assad quyushqonidan chiqib ketdi".

Tramp ma'muriyati uchun Yaqin Sharqdagi asosiy masala "Islomiy davlat" dan qutulish. Assaddan qutulish, deydi BMTdagi elchi Nikki Heyli, bu maqsadning bir qismi. Suriya kelajagida uningdek rahbarga o'rin yo'q, deydi diplomat.

"Rejim o'zgarishi kerak va bizning nazarimizda, to'lqin shu tomon yo'nalgan".

Yevropa Ittifoqi ham o'xshash pozitsiyada.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG