Iroqda shialarning nufuzli diniy sardori Muqtada al-Sadr siyosatdan ketishi haqida e’lon qilishi bilan Bag’dodning davlat idoralari joylashgan va kuchli himoyalangan Yashil zonasida uning tarafdorlari va xavfsizlik kuchlari hamda Eronga xayrixoh shia partiyalariga sodiq odamlar o’rtasida to’qnashuvlar yuz berib, kamida 22 odam o’lgan, 200 dan ziyodi jarohat olgan.
Politsiya namoyishchilarni Respublikachilar saroyidan siqib chiqargani, ularga qarshi ko’zni yoshlantiruvchi gaz va haqiqiy o’qlar qo’llagani aytilmoqda.
Sadrchilar Yashil zonada 4 ta raketa otgani ma’lum, turar-joylar zarar ko’rgan.
Vazirlar mahkamasi Respublikachilar saroyida joylashgan bo’lib, Bosh vazir Mustafo Qadimiy bugun barcha majlislarni bekor qildi. U al-Sadrni tarafdorlarini davlat idoralarini bo’shatishga da’vat etishga chaqirdi.
Mamlakat prezidenti Barham Solih ham hammani vazminlikka, bosiqlikka da’vat etdi, zo’ravonliklarga yo’l qo’ymaslikka chaqirdi.
Al-Sadr siyosatdan ketishi ketidan mamlakat bo’ylab barcha siyosiy idoralari yopilishi haqida ma’lum qildi.
Iroqda o’tgan yilgi parlament saylovlaridan beri hukumat tuzilgani yo’q. Saylovda Sadr bloki g’alaba qozonib, Eronga xayrixoh shia guruhlar parlamentdagi o’rinlarini boy berishdi. Sadr sunniy arab partiyalari va kurdlar bilan hukumat tuzmoqchi bo’ldi, biroq jarayondan chetda qolganidan norozi raqib shia guruhlari qarshilik ko’rsatib, hukumat tuzilishini paysalga soldi.
Iyun oyida Sadr parlamentdan o’z nazoratidagi siyosiy blokni chiqarib oldi, natijada siyosiy tanazzul yanada kuchaydi. Iyul oyida esa parlamentdagi raqib shia alyans Muhammad Shiya al-Sudaniy nomzodini bosh vazirlikka ko’rsatib, sadrchilar noroziligiga sabab bo’ldi
Kecha armiya mamlakat bo’ylab komendant soati joriy etgan.
Bugun esa Muqtada al-Sadr tarafdorlarini namoyishlarni bas qilishga chaqirdi, 22 odamning qurbon bo’lgani uchun uzr so’radi.
"Men namoyishlar tinch bo’ladi deya umid qilgandim. Zo’ravon insonlar emas, vataniga mehri bor, ko’ngli toza odamlar chiqishiga umid qilgandim. Bo’lgan voqealar inqilobga dog’ tushiryapti. Bu inqilob zo’ravonlik va qotillikni ifoda etadi. Bu inqilob emas endi”, - dedi u.
Sadr tarafdorlaridan bir soat ichida Yashil zonani tark etishni so’radi.
"Agar 60 daqiqa ichida chiqib ketmasangiz, harakatdan ham, parlamentdan ham ketaman”, - dedi u.
Shundan s’ng sadrchilar parlament atrofini tark eta boshladi.
2003-yilda AQSh bosqini natijasida Iroqning uzoq yillik sunniy rahbari Saddam Husayn hokimiyatdan ag’darilib qatl etilganidan beri hokimiyat tepasiga kelgan shialar murosa qila olmayapti.
Facebook Forum