Breaking News

Iroqda namoyishlar natija berdi - hukumat islohotlar rejasini e'lon qildi


Bag'doddagi namoyishlar paytida
Bag'doddagi namoyishlar paytida

Iroqda 100 dan ortiq odamning hayotiga zomin bo’lgan bir haftalik namoyishlardan so’ng hukumat yangi islohot dasturini e’lon qildi. 1-oktabr kuni poytaxt Bag’dodda boshlangan namoyishlar mamlakat janubidagi shaharlarga ham tarqaldi.

Xalqaro hayot - 7-oktabr, 2019-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:50 0:00

Odamlar ishsizlik va korrupsiyaga qarshi namoyish qilib, davlat xizmatlarini yaxshilashni talab qildi. Tinch boshlangan chiqishlar xavfsizlik kuchlarining bosimi ostida zo’ravonliklarga olib keldi.

Yakshanba kuni Bag’dodda hammayoq tinch bo’ldi, namoyishlarda betartib holatga kelgan ko’chalar tozalandi. Xavfsizlik kuchlari bilan to’qnashuvlarda o’nlab odam nobud bo’ldi, minglab fuqaro jarohat oldi.

"Yaralanganlar soni 6107 ta, xavfsizlik kuchlari, tinch aholi va namoyish qilganlardan shahid bo’lganlar 104 ta”, - deya hisobot berdi Axborot vaziri Saad Maan.

Hukumat komendant soatini joriy etish va internet aloqani uzish bilan namoyishlarga barham berishga harakat qildi. Biroq odamlar ko’chaga chiqaverdi. Shunda ularga qarshi suv va qurol ishga solindi. Namoyishchilar tosh otdi, shinalar yoqdi, davlat idoralariga zarar yetkazdi.

5-oktabr kuni niqob taqqan odamlar Bag’doddagi ikkita telestansiyada reyd o’tkazib, jurnalistlar g’azabiga uchradi.

“Bu voqea mamlakatda qonunlar ishlamayotganidan dalolat”, - dedi Imad Hafajiy ismli muxbir.

Bosh vazir Odil Abdul Mahdi Vazirlar mahkamasining favqulodda majlisida kam daromadli oilalarni uy-joy bilan ta’minlash, ishsiz qolganlarga vaqtincha nafaqa berish, malaka oshirish kurslarini tashkillashtirish kabi qarorlar qabul qilinganini aytdi.

“Namoyishchilar bilan uchrashib, dardlariga quloq qolishga tayyorman. Agar bu vaziyatni yumshatishga yordam bersa, shunday qilaman. Buning evaziga Bag’dod va viloyatlarda namoyishlarni bas qilish kerak”, - dedi u.

Bosh vazirning aytishicha, namoyishlarda nobud bo’lgan barcha odamlar shahid hisoblanadi va ularning yaqinlari davlatdan moddiy yordam olishga haqli. Mahdi korrupsiyaga qarshi kurashishga ham so’z berdi.

Komendant soati ikki kun oldin bekor qilindi.

“Iroq xalqi quruq va’dalardan charchagan, tushkunlikka tushgan. Parlament raisi va bosh vazir e’lon qilgan choralar tatbiq etiladi degan umiddaman”, - deydi bag’dodliklardan biri.

Iroq neftga boy davlatlardan biri bo’lsa-da, 40 millionlik aholining katta qismi nochorlikda yashaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG