Breaking News

"Islomiy davlat" Mosuldan qochib, qishloqlarga chekinishi mumkin


Iroq armiyasi askari
Iroq armiyasi askari

Iroq armiyasi va xalqaro koalitsiya "Islomiy davlat" to'dasini Iroq va Suriyadagi katta shaharlardan quvib solsa, jangarilar chekka qishloqlarga qochib o'rnashadi. Harbiy ekspertlar ana shu haqda ogohlantirmoqda.

Boshqa iloji qolmasa, jangarilar bo'sh hudud qidirishga tushadi, deydi Radvan Badini, Irbildagi Salohiddin universiteti professori. Chekka joylar, qishloqlarda ularning so'zi o'tadi va ular o'sha yerdan turib hujumlarni amalga oshirishga urinadi, deydi u.

2014-yilda "Islomiy davlat" Iroq va Suriyada xalifalik e'lon qilgan edi.

Hududlar boy berilmoqda

Amerika boshliq koalitsiya, Iroq armiyasi va ittifoqchi kuchlarning siquvi ostida jangarilar qochishga majbur bo'lmoqda. Iroq va Suriyadagi qator manzillarini qo'ldan boy berayapti ular.

Guruh Suriyada 25 foiz, Iroqda esa 50 foiz hududini qo'ldan chiqardi, deydi Amerika davlat kotibining muovini Entoni Blinken Kongressdagi tinglovda.

Iroq janubida, xususan, Anbar viloyatida "Islomiy davlat" oxirgi oylarda qaqshatqich zarbalar yemoqda.

Shimolda, Mosul shahri atrofida jangarilar koalitsiyaning hujumidan o'zini mudofaa qilishga shoshib qolgan. Ikki yarim million aholisi bor shahar ikki yil oldin "Islomiy davlat"ning ixtiyoriga o'tgan edi. Tahlilchilarning aytishicha, Mosulni boy bersa, bu jangari to'da uchun katta yo'qotish bo'ladi.

Mosul ketsa, xalifalik tugaydimi?

Mazkur shaharni ozod qilsak, "Islomiy davlat"ning Iroqdagi kuni bitadi va xalifalik tugaydi, deydi Qohiradagi xavfsizlik markazi eksperti Xolid Akkashoh.

Boshqalar fikricha, Mosul jangidan keyin ham qonxo'r guruh kuch-qudratini saqlab qolishi hech gapmas. Anbar viloyatidagi ayrim sunniy jamoalar "Islomiy davlat"ga xayrixoh, deydi irbillik harbiy mutaxassis Aras Dizayi. Mahalliy aholining qo'llab-quvvatlovi bois ham jangarilar hali beri yengilmaydi, deydi u.

Sunniylar Iroqning shia hukumatidan ranjigan, o'zini unutilgan his qiladi. Ayrim sunniy jamoalar "Islomiy davlat" guruhi bilan savdo qilib, xususan, neft sotib foyda qilib keladi.

Jangarilar Iroqning sunniy mahallalariga chuqurroq kirib borishi aniq, deydi kurd qo'mondonlari. Ayniqsa, Iroq-Suriya chegarasida ular o'rnasha oladigan manzillar ko'p, deydi kurdlarning peshmerga qo'shinlari generali Sim Usali. Unga ko'ra, Mosuldan qochsa, jangarilar ana shu yerlarda qo'nim topadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG