Breaking News

2017-yil poyoniga yetarkan, “Islomiy davlat” jangari to’dasining Iroq va Suriya hududlarida xalifalik barpo etish orzusi chilparchin bo’ldi. Iroq armiyasi va koalitsiya kuchlarining qo’shma harbiy kampaniyasi natijasida jangarilar tor-mor etildi. Iroq, Suriya va Eron g’alaba haqida bong urarkan, AQSh va ittifoqchilari urush hali tugagani yo’q, deydi.

“Islomiy davlat” guruhi 2017-yilni qonli xuruj bilan boshladi. 1-yanvar kuni Istanbulda sodir etilgan voqeada 39 kishi nobud bo’ldi.

Ammo 2017-yil terrorchilarga omad keltirmadi. Iroqda xavfsizlik kuchlari soxta xalifalikning Iroqdagi poytaxti Musulni ozod etishga kirishdi.

Bu o’rtada Tunisda xalq vataniga qaytmoqchi bo’lgan minglab tunislik jangarilarga qarshi namoyish qildi. Amerikada esa yangi saylangan prezident “Islomiy davlat” va boshqa jihodchi guruhlarni ogohlantirdi.

“Barcha imkoniyatlarimizni ishga solganimiz yo’q hali. Bizga bunga imkon berishmadi. Ammo Daishdan qutulishimiz kerak. O’zga chora yo’q”, - degan edi Tramp.

Qo’shma Shtatlar “Islomiy davlat”ga qarshi kuchlarga g’ayrat bag’ishlash maqsadida ilk bor Suriya Demokratik kuchlarini zirhli texnika bilan ta’minladi, ular esa o’z navbatida terrorchilar markazi Raqqani ozod etishga kirishdi.

AQSh Mudofaa vaziri Jim Mattis Bag’dodga borib, Iroq armiyasiga, xalqiga bu dushmanga qarshi kurashda yordam berishda davom etamiz, dedi.

Iroq va Suriyada katta bosimga uchragan guruh tarafdorlaridan biri fevral oyida Parijda Luvr muzeyi yonida soqchilarga hujum qildi, Misrning Iskandariya shahrida uyushtirilgan xurujda esa o’ndan ziyod odam o’ldi.

Daish Pokiston va Afg’oniston tinchini ham buzishga urindi. Mart oyida Kobuldagi kasalxonaga hujumda 30 dan ziyod odamning yostig’i quridi.

Bunga javoban Qo’shma Shtatlar eng yirik bombasini Nangarhor viloyatida jangarilar yashirinadigan g’or va tunnellar majmuasiga tashladi.

Iyul oyiga borib “Islomiy davlat” xalifaligi parchalandi, oylab janglardan so’ng jangarilardan ozod etildi.

Uch oydan so’ng xalifalikning Suriyadagi poytaxti Raqqa ahli ham jangarilardan ozod bo’ldi.

Oktabr oyida esa Filippinda besh oylik harbiy kampaniya janubdagi Maravi shahrida Daish mag’lubiyati bilan yakunlandi.

“Islomiy davlat” hududini, jangarilarini yo’qotsa-da, Stokgolm, Parij, Barselona, Nyu-Yorkda xurujlar uyushtirishda davom etdi.

“Daish G’arbdagi xurujlari bilan global urush olib borishga qodir ekanini namoyish etmoqda. Jangarilar Shimoliy Afrikada faollashmoqda, Afg’oniston, Janubi-sharqiy Osiyoning boshqa joylarida ham kuchini ko’rsatmoqda”, - deydi Urushni o'rganish instituti tahlilchisi Jennifer Kafarella.

Terror guruhi o’z yetakchisi Abu Bakr Bag’dodiyning sentabr oyidagi audio murojaatiga amal qilayotgan ko’rinadi:

“G’alabaga yo’l sabr va qarshilik orqali o’tadi”, degan edi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG