Breaking News

AQSh Kongressi suriyalik isyonchilarni qurollantirishga ruxsat beradi


Suriya
Suriya

Bugun AQSh Kongressi Suriyada “Islomiy davlat” jangarilari va Suriya hukumatiga qarshi kurashayotgan isyonchilarni qurol bilan ta’minlashga ruxsat beruvchi qonun loyihasini tasdiqlashi kutilmoqda. Kecha Vakillar palatasi hujjatni yoqlagan, bugun Senatda ham uning osonlikcha tasdiqlanishi aytilyapti.

Ayrim demokratlar AQSh Yaqin Sharqda yana bir urushga kirishayotganidan xavotirda, ba’zi respublikachilar esa havo hujumlaridan foyda bo’lmaydi deb Iroqqa qo’shin tortishni taklif etyapti.

Prezident Obamaga ko’ra, Suriyada isyonchilar qurol bilan ta’minlansa, professional tayyorgarlikdan o’tkazilsa, jihodchilarni mag’lub etishi osonlashadi.

Davlat kotibi Jon Kerrining aytishicha, Iroqqa yuborilgan harbiylar mahalliy askarlarni tayyorlaydi, ammo o’zlari janglarda ishtirok etmaydi.

Ba’zi qonunchilarga ko’ra, Obama “Islomiy davlat”ga qarshi kurash strategiyasini aniq bildirmagan, urushning qachon va qaysi vaziyatda tugatilishi ma’lum emas.

Fransiya Iroqda jangarilarni havodan nishonga olishga tayyor ekanini bildirmoqda, ammo Suriyada bu ishni qilmaymiz, dedi bu mamlakat Prezident Fransua Olland.

Bu o'rtada Avstraliya Bosh vaziri Toni Ebbotning aytishicha, mamlakatda terrorga qarshi reyd boshlangan. Unga ko’ra, “Islomiy davlat” jangari guruhining yetakchilaridan biri Avstraliyada ko’rgazmali qotilliklarga da’vat etgan. Da’vatchining avstraliyalik ekani aytilmoqda.

"Bu bizning razvedkadan olingan ma’lumot. Bu odam “Islomiy davlat”ning yetakchilaridan biri bo’lib, Avstraliyada guruh bo’limlarini tuzishga mas’ul", - deydi bosh vazir.

Mahalliy matbuotga ko’ra, jangarilar avstraliyaliklardan birini o’g’irlab, boshiga “Islomiy davlat” bayrog’ini o’rab, kallasini olishni rejalagan.

Sidney, Brisben, Logan shaharlarida 800 ga yaqin politsiyachi reydda ishtirok etib, 15 kishini hibsga olgan.

Ulardan biri 22 yashar Umarjon Ozariyga terror xurujini amalga oshirish rejasiga aloqadorlik aybi qo’yildi.

Ikki amerikalik va bir britaniyalikning boshini olgan jihodchilar Avstraliyani ham ogohlantirgan.

O’tgan hafta Brisbenda jihod uchun Suriyaga ketishga hozirlik ko’rgan, avstraliyaliklarni terror guruhiga yollash bilan shug’ullangan va al-Qoidaga aloqador al-Nusra fronti uchun pul to’plagan ikki odam qo’lga olingan.

Hukumat hisobiga ko’ra, “Islomiy davlat” safida 60 avstraliyalik jang qilmoqda, Avstraliyaning o’zida esa uni qo’llab-quvvatlayotgan 100 kishi bor.

Bu mamlakat Iroqda jangarilarga qarshi kurash uchun tuzilayotgan xalqaro koalitsiyaga 600 askar va 10 samolyot ajratishga rozi bo’ldi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG