Breaking News

"Islomiy davlat" jang maydonida yutqazmoqda, ammo internetda qo'li baland kelyapti


“Islomiy davlat” so’nggi oylarda jang maydonlarida mag’lubiyatga uchrayotganiga qaramay, internetdagi ijtimoiy sahifalarda qo’li baland kelmoqda. AQSh qonunchilari bundan tashvishda. Ular hukumatning onlayn strategiyasini tanqid qilmoqda.

“Islomiy davlat” yaqinda Texas shtatining Garlend shahrida ro’y bergan xuruj uning ishi ekanini tan olgani Amerikada jiddiy xavotir uyg’otmoqda.

Senat Ichki xavfsizlik qo’mitasi raisi Ron Jonsonning aytishicha, bu kabi holatlar tez-tez uchramoqda.

Unga ko’ra, “Islomiy davlat” yoki boshqa terror guruhlari mafkuralaridan ilhomlangan o’ndan ziyod amerikalik hibsga olingan. Ular ekstremistik da’vatlarga uchib, xorijga borishga yoki Amerikada terror xurujlari uyushtirishga ahd qilgan.

Bunga “Islomiy davlat”ning ijtimoiy sahifalardagi faolligi sabab qilib ko’rsatilmoqda.

J.M. Berger “Islomiy davlat: Terror davlati” deb nomlangan kitob muallifi.

“Islomiy davlat” a’zosining Suriyadan turib Twitterda yozgan gapini Amerikada o’tirgan odam ehtiros bilan qabul qilishi mumkin”, - deydi Berger.

Razvedka xizmati rasmiylariga ko’ra, “Islomiy davlat” boshqa jangari tarmoqlarga qaraganda ijtimoiy sahifalardan eng ko’p va unumli foydalangan guruhdir. O’zini yolg’iz yoki ranjigan deb his etgan yoxud shunchaki sarguzasht ilinjida bo’lgan yoshlar shu tariqa tuzoqqa ilinmoqda.

Kongress a’zolari hukumatning bu harakatlarga qarshi choralarini yumshoq va samarasiz deya tanqid qilmoqda.

O’tmishda radikal bo’lgan, hozir esa Kanada xavfsizlik xizmati bilan hamkorlik qilayotgan Mubin Shayxning aytishicha, hukumatlar tashviqotni to’g’ri qo’lga qo’ya bilmayapti, kim bilan ishlashni bilmaydi.

“Agar 15 yoshlilarning yollanishiga qarshi kurashmoqchi bo’lsangiz, demak tashviqot mazmuni 15 yoshlilarga mo’ljallangan bo’lishi kerak, ular bilan ishlash lozim”, - deydi “Maxfiy jihodchi” kitobi muallifi.

Demokratiyalarni himoya qilish jamg’armasidan David Gartenshteyn-Rossning aytishicha, “Islomiy davlat”ning ham zaif tomonlari bor.

“Ular maqomini, nufuzini yo’qotishni istashmaydi. Agar guruh qo’lga kiritilgan hududlarni boy bersa, jihodchilarning o’zi birinchi bo’lib guruhga qarshi bosh ko’taradi”, - deydi ekspert.

AQSh harbiy rasmiylari jang maydonida g’alabaga erishyapmiz, deydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG