Breaking News

Fors ko'rfazi davlatlari Markaziy Osiyoga qanchalik ta'sir ko'rsatayapti?


Jorj Vashington universitetidagi munozara, Vashington, 26-yanvar, 2016

Markaziy Osiyo va Fors ko'rfazi davlatlari murakkab rishtalarga ega. Aloqalar, asosan, biznes va din bilan bog’liq. Har ikkisini davlatlar qattiq nazorat qiladi va har bir jabhada o’ziga xos ehtiyotkorlik seziladi. Boy arab uslublariga taqlid ham kuchli.

Ekspertlar davrasi

Islom, masjidlar, me'morchilik, islomiy moliya, haj va rahbarlararo munosabatlar. Jorj Vashington universiteti Markaziy Osiyo bo’limida kechgan muloqotda mintaqa va Fors ko’rfazi mamlakatlari hamkorligi xususida gap ketar ekan, mana shu mavzular ko’p tilga olindi.

Italyan tadqiqotchi, Shotlandiyadagi Glazgo universiteti professori Luka Ancheski (Luca Anceschi) deydiki, eng faol hamkorlik balki Birlashgan Arab Amirliklari bilan va bunda Qozog’iston yetakchi. Prezident Nursulton Nazarboyev amirlik bilan shaxsiy munosabatlarni mahkamlab, boshqa liderlarga qaraganda yaqinroq aloqa o’rnatgan. Dubay va Abu Dabidan zodagonlar Qozog’iston dashtu tog’larida ov qiladi, dam oladi, mulklarni ijaraga oladi. Dubay-Almati orasida har kuni reys - “Air Astana” qatnaydi.

Nafaqat Qozog’iston balki qo’shni davlatlar ham arab dunyosi, xususan Fors ko’rfazidagi kichik va boy mamlakatlar bilan aloqada dinning ta’sirini cheklagan holda, elita uchun biznes qilish imkoniyatini bergan, turizm va migratiya uchun yo’l nisbatan ochiq.

Ancheski hamkorlikni uch sohada ko’radi: islomiy moliya (asosan hukumatlar orasida), islomiy ta’lim va haj/umra. Har uch yo’nalishda qarorlar eng yuqori pog’onada qilinadi va jarayon qattiq nazorat ostida.

Islomiy moliya deganda Islomiy Taraqqiyot bankining Markaziy Osiyodagi faoliyati nazarda tutiladi. Tashkilot 1990-yillardan beri Qozog’istonda 695 million dollar, Turkmanistonda 638 million dollar, O’zbekistonda 590 million dollar, Tojikistonda 212 va Qirg’izistonda 159 million dollarga teng sarmoya qilingan.

Islomiy Taraqqiyot Banki
Islomiy Taraqqiyot Banki

Transport, energetika va taraqqiyot asosiy yo’nalishlar, deya izohlaydi Belgiyaning Gent universitetidan ekspert Bruno de Kordier (Bruno de Cordier). Bank uzoq muddatli loyihalarni moliyalaydi.

Saudiya Arabistonining Jidda shahrida asoslangan bank shariatga muvofiq ish yuritib, hech qanday foizsiz qarz beradi. 1973-yilda tashkil topgan bu organga mablag' 56 a'zo davlatdan keladi, ularning qurbiga qarab. Moliya olayotgan tomon - bankning hamkori, ya'ni sarmoya kiritib, bank shu biznes yoki mulk egalaridan biriga aylanadi, daromadga sherik bo'ladi.

Aytish joiz, Islomiy Taraqqiyot banki sobiq sovet hududidagi olti musulmon mamlakat orasida Ozarbayjonda eng ko’p investitsiya qilgan, 1 milliard dollardan oshiq.

Almatida mintaqaviy idoraga ega bank vakillari deydiki, tashkilot hech bir davlatning siyosiy ta'siri ostida emas va diniy-mafkuraviy tashviqotdan yiroq.
Bankka eng ko'p hissa qo'shadigan davlatlar - Saudiya Arabistoni, Quvayt, Birlashgan Arab Amirliklari, shuningdek, Eron, Misr va Indoneziya.

Fransuz tadqiqotchi, Jorj Vashington universiteti professori Sebastiyan Peyruz (Sebastien Peyrouse) tahlilicha, mintaqada 1990-yillarning oxirlaridan beri ishlab kelayotgan bu tashkilotga har bir respublikada qiziqish katta va kelajakda yangi loyihalar kutsa bo’ladi.

Taraqqiyot yo’lida xizmat qilishga shay ekanini bildirib, hukumatlar bilan aloqani mustahkamlayaptimi, demak, ishlayveradi. Jahon banki, Xalqaro Valyuta jamg’armasi va Osiyo Taraqqiyot banki qatorida bu moliyaviy manbaga ham talab bor.

Turkmaniston Birlashgan Arab Amirliklariga rosa taqlid qiladi (Natalie Koch)
Turkmaniston Birlashgan Arab Amirliklariga rosa taqlid qiladi (Natalie Koch)

AQShning Serakyuz universitetidan olima Natali Koch (Natalie Koch) Fors ko’rfazi davlatlarining madaniy ta’siriga diqqat qaratib, me’moriy obidalar va urbanizatsiya jarayonini o’rgangan.

Turkmaniston - yaqqol misol. Ashgabat va boshqa shaharlarni zamonaviylashtirishda Dubay va Abu Dabi namuna qilib olindi va bugungi manzaraga qarab, bu qanchalik ish berganini ko’rasiz, deydi Koch.

Albatta, Ashgabat Dubay singari sayyohlar oqimi tinmaydigan manzil emas. Biroq davlat rahbarini ulug’lovchi inshootlar, obida va majmualar amirlikdagidan qolishmaydi.

Markaziy Osiyodagi ko'plab yangi masjidlar Birlashgan Arab Amirliklariga xos uslubda bunyod etilgan (Natalie Koch)
Markaziy Osiyodagi ko'plab yangi masjidlar Birlashgan Arab Amirliklariga xos uslubda bunyod etilgan (Natalie Koch)

Masjidlarni aytmaysizmi? Ulkan masjidlar ko’p hollarda namoz o’qiladigan dargoh emas, muzeylardir, deydi Natali Koch, bahaybat me’morchilik namunalariga ishora qilib. Fors ko’rfazi davlatlarida bo’lganidek, Turkmanistonda ham tuzum tepasidagi odam - mustaqillik va davlatchilik timsoli.

Saparmurot Niyozov va Qurbonguli Berdimuhammedov davrida shaxsga sig’inish mafkurasi chuqurlashib, amirliklarga xos shakldagi dabdaba va sharaflash keng tuz olgan odat.

Yuqoridagi mavzular yuzasidan omma fikrini o’rganish mushkul, deydi tadqiqotchi, biroq bir narsa aniq: Fors ko’rfaziga xos me’morchilik namunalari xalqlarning faxri. Albatta, odamlar kam boradigan masjidlar o’rniga boshqa kerakli inshootlar qurish ma’qul emasmi, deydiganlar ham ko’p.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi"ning yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Tashkilotda gender va jurnalistika bo'yicha kengash raisi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for nearly 20 years on TV, radio and online. Since 2018, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Masters in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Imamova played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented over 900 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari,” which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and The Atlantic. Imamova also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at the Uzbek state broadcaster in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

XS
SM
MD
LG