Breaking News

AQShda ekstremizm: Qanday kurashish kerak?


2003-yilda Nyu-York huquq-tartibot organlari musulmonlar tomonidan boshqariladigan biznes, musulmon talabalar uyushmalari, xayriya tashkilotlari va masjidlarni zimdan kuzatish dasturini boshlagan. Dasturga Markaziy razvedka boshqarmasi zobiti rahbarlik qilgan. Maqsad asosan musulmonlar yashaydigan mahallalarda potensial terrorchilar uchrashishi mumkin bo'lgan joylarni aniqlashdan iborat edi.

2001-yil 11-sentabr xurujlaridan keyin terrorizm yuzasidan xavotirlar kuchaydi. Nyu-York politsiyasi dasturi aksil-terror harakatlarining bir qismi edi.

Amerika fuqarolar erkinliklari uyushmasi hisobotiga ko’ra, huquq-tartibot xodimlari musulmon jamoalari rahbarlari, talabalar, masjidlarda namozga kelganlar bilan suhbatlashib, ularning AQShga va Vashington tashqi siyosatiga munosabatini o’rganishga uringan. Bunday harakatlar doirasida xaritalar tuzilgan, suratlar olingan, ma’lumotlar to’plangan. Ya’ni musulmonlar yashaydigan, ishlaydigan, namoz o’qiydigan, bozor qiladigan joylar aniqlangan va kuzatuv ostiga olingan.

2011-yilda bu dasturni “Associated Press” axborot agentligi fosh etdi. Federal sudda ikkita ish ko’rildi. Tergov olib borgan politsiya zobiti sudda ko’rsatma berayotib, to’plangan ma’lumotlardan hech biri jinoyatga olib kelmaganini tan oldi.

“Men bu dasturda 2006-yildan buyon ishlayman. Biror marta ham to’plangan ma’lumot jinoyatni ochishga olib kelmadi. Men ishlay boshlaganimdan oldin ham bunday hollar bo’lganini eslolmayman”, - dedi Tomas Galati.

2014-yilda Nyu-Yorkning yangi meri Bill de Blazio dasturni va uni olib borgan politsiya bo’limini yopdi.

Dasturning salbiy tarafi

Ammo ommaviy kuzatuv amaliyoti hamon mavjud. O’tgan yil noyabrda “Islomiy davlat” Parijda talafotli xurujlar uyushtirganidan keyin Nyu-Yorkda ham o’xshash hujumlar amalga oshirilishi haqida video paydo bo’ldi. Prezidnetlikka respublikachi nomzod Donald Tramp dasturni qayta boshlashni taklif qildi.

12-iyun kechasi Floridadagi tungi klubda otishma o’nlab odamlar hayotiga zomin bo’lgandan keyin Tramp yana bir bor musulmonlarni kuzatish kerak, deya gapirdi. Ammo inson huquqlari faollari va mutaxassislar bunga qarshi.

“Huquq-tartibot organlari mafkuraga emas, jinoiy harakatlarga e’tibor berishi lozim. Terror faoliyatini fosh etishda politsiyaning an’anaviy uslublari samara beradi. Axir mafiya faoliyatini fosh etish uchun Amerikadagi har bir italyan oilasi kuzatilmaydi-ku. Alohida etnik guruhni kuzatish konstitutsiya kafolatlaydigan teng huquqlilikka ziddir ”, - deydi Nyu-York yuridik maktabining Brennan Adliya markazidan Fayza Patel.

Politsiya dasturi esa musulmonlar jamoasiga salbiy ta’sir qildi, deydi suhbatdosh.

"Ilgari masjidlar odamlar, shu jumladan, musofirlar yig’iladigan, yordam oladigan joy bo’lardi. Endi esa odamlar bir-biriga shubha bilan qaraydi. Namozini o’qishi bilan uyiga jo’naydi”, - deydi Patel.

U buning natijasida jamoa ichida bir-birini kuzatish qiyinlashganini aytadi.

“Amerikadagi musulmonlar jamoasida xavotirlar paydo bo’lganida huquq-tartibot organlariga murojaat qilishi hollari ko’p uchrardi. 2011-yilda o’tkazilgan tadqiqotga ko’ra, 40 foiz hollarda terror harakatlariga tayyorgarlik aynan musulmonlar jamoasi a’zolari tomonidan fosh etilgan”, - deydi u.

Mustahkam oilalar va jamoalar

Mutaxassislar bir masalada yakdil: jinoyat sodir etganlikda gumon qilmay turib, kuzatish jamoada qo’rquv va shubhaga sabab bo’ladi.

“Avval radikal qarashdagi shaxslarni aniqlash kerak. Ularga kim ta’sir ko’rsatgani - keyingi masala. Shuningdek, ularga so’zini o’tkaza oladigan odamlar kimlar? Kim ularni egri yo’ldan qaytara oladi? Bunda oila ham katta ahamiyatga ega”, - deydi terrorizm bo’yicha ekspert Set Jons.

Orlando xurujini amalga oshirgan Umar Matinni Federal qidiruv byurosi 10 oy davomida kuzatgan, 3 marta so’roq qilgan. Lekin uning gey-klubga kirib, 49 odamni o’ldirishini hech bir politsiya zobiti kutmagan.

Ammo turmush o’rtog’i, otasi va hamkasblari ilgari Matin xulqidan xavotir bildirgan. Bu esa huquq-tartibot organlari oila a’zolari yordamidan foydalanishi kerakligiga dalildir, deydi kuzatuvchilar.

Ma'lumotlarga ko'ra, terrorizmga oid jinoiy ishlarning 50 foizida terrorchining oila a’zolari bundan xabardor bo’lgan, lekin qanday chora ko’rishni bilmagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG